Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“World Boxing”: Bokschilarimiz jahon kubogi shohsupasida
12:19 / 2025-04-06

Braziliyada boks bo‘yicha “World Boxing” tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan jahon kubogida so‘nggi hal qiluvchi final janglari o‘tkazildi.

Nufuzli musobaqaning -50 kg. vazn toifasidagi final bahsida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Asilbek Jalilov (-50 kg) va Fransiya vakili Niki Kummings o‘zaro raqobatlashdi. Ushbu bahsda Asilbek Jalilov hakamlar qaroriga ko‘ra shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. -75 kg vazn toifasida tashkil etilgan bahslarda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Fazliddin Erkinboyev finalda braziliyalik Kauye Beliniga qarshi bahs olib bordi. 3 raundlik jangda F.Erkinboyev g‘alabasini nishonladi.

Jahon kubogi doirasida o‘zbekistonlik To‘rabek Habibullayev (-90 kg) hamda Angliya vakili Isaak Okox o‘rtasidagi bellashuvda bokschimiz g‘alaba qozongan holda chempionga aylandi.

Mirazizbek Mirzaxalilov -55 kg vaznda qozog‘istonlik Nursultan Altinbekga hakamlarning qaroriga ko‘ra imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Yana bir bokschimiz Akmaljon Isroilov -85 kg. vaznda qozog‘istonlik Daulet Tulemissovga 3:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi hamda ikkinchi kumush medalni termamizga keltirdi. -60 kg vaznda esa Madiyor Daniyarov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, -80 kg. vaznda Javohir Ummataliyev va mezbonlar vakili Vanderley Perreyra o‘rtasidagi jangda vakilimiz 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, oltin medalga ega chiqdi. +90 kg. vazndagi mahoratli bokschimiz Jahongir Zokirov angliyalik Damar Tomasni 3:2 hisobida yengib, terma jamoamizga navbatdagi oltin medalni keltirdi.

Shu tariqa, termamiz umumjamoa hisobida 5 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan birinchi o‘rinni band etdi. Ikkinchi o‘rinni mezbon Braziliya (3 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza) egallagan bo‘lsa, kuchli uchlikka Qozog‘iston yakun yasadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA