English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Women’s Chess Championship” IV xalqaro turniri boshlanadi
10:07 / 2026-03-10

Bugun, 10-mart kuni Buxoroda dunyoning bir qator davlatlaridan yurtimizga kelgan eng mahoratli shaxmatchi xotin-qizlar ishtirokida “Women’s Chess Championship” IV xalqaro turnirining dastlabki tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Dunyoning 15 ga yaqin davlatidan 100 nafardan ziyod mahoratli shaxmatchi xotin-qizlar ishtirok etayotgan turnir “Masters", "Challengers" va "Futures" guruhlarida shveysarcha tizimda tashkil etiladi.

“Masters" guruhida reyting ko‘rsatkichi 2450 dan yuqori bo‘lgan 10 nafar ishtirokchi dona suradi.

Ular orasida FIDE reytingida 16-o‘rinda joylashgan gretsiyalik  Stavrula Solakidu birinchi raqam ostida tasniflangan bo‘lsa, hindistonlik Xarika Dronavalli, ukrainalik Yuliya Osmak, FIDE bayrog‘i ostida Leya Garifullina, ozarbayjonlik Ulviya Fataliyeva, hamyurtimiz Afruza Hamdamova, rossiyalik Olga Giriya, yurtdoshlarimiz Gulruhbegim Tohirjonova va Umida Omonova keyingi qatorlarda keltirib o‘tilgan.

"Challengers" guruhida umumiy hisobda 41 nafar qatnashchi g‘oliblikka da’vogarlik qilsa, ularning 11 nafari o‘zbekistonlik, 30 nafari chet ellik shaxmatchi xotin-qizlardan tashkil topgan.

"Futures" guruhida 62 nafar ishtirokchi g‘oliblikka da’vogarlik qilishga hozirlanmoqda. Ularning 51 nafari O‘zbekiston, qolgan 11 nafari Turkmaniston va Qirg‘iziston vakillari hisoblanadi.

Umumiy mukofot jamg‘armasi 70 ming AQSH dollaridan iborat turnir 9 turdan iborat etib belgilangan.

Bugun xalqaro turnirning “Masters" guruhi 1-tur bahslarida o‘zbekistonlik shaxmatchi qizlar raqiblari bilan qora donalarda kuch sinashadi. Afruza Hamdamova Leya Garifullina, Gulruhbegim Tohirjonova Ulviya Fataliyeva, Umida Omonova Yuliya Osmak qarshiligini yengishga harakat qiladi.

Shu yilning sentabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan muhim tayyorgarlik bosqichi hisoblangan mazkur turnir 14-martga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA