Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Women in Power” birinchi mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tdi (+video)
10:19 / 2024-03-12

Energiya transformatsiyasi bo‘yicha yetakchi, O‘zbekistonning muqobil va qayta tiklanadigan energiya sohasidagi eng yirik hamkorlaridan biri bo‘lgan Saudiyaning “ACWA POWER” kompaniyasi Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Toshkentda zamonaviy dunyoda ayollar uchun imkoniyatlar va muqobil energiya sektoriga bag‘ishlangan “Women in Power” (Ayollar hokimiyatda) birinchi mintaqaviy forumini tashkil kildi.

Tadbir mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy hayotining turli sohalari vakillarini birlashtirdi. Forum mehmonlari orasida an’anaviy va muqobil energiya sohasidagi kompaniyalar vakillari, xalqaro bank va moliya tashkilotlari xodimlari, Energetika vazirligi, milliy energetika tarmoqlari hamda energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish bo‘yicha davlat organlari vakillari ishtirok etdi.
Forumning markaziy tadbiri –  “Gender muvozanati: O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish katalizatori” mavzusidagi yalpi majlisda BMT Ayollar dasturining yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Seren Guven Gures, Moliya va Energetika vazirliklari mutaxassisislari, fikr yetakchilari iqtisodiyot va energetika sohasida ayollar ishtirokini oshirish tendensiyasi va imkoniyati, inklyuziv ish muhiti yaratish bo‘yicha ilg‘or tajriba, biznesdagi erkaklar va ayollar uchun adolatli sharoitni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy afzallik masalalari muhokama qilindi.

“Women in Power” – ACWA POWER kompaniyasi tashabbusi bilan zamonaviy dunyoda ayollar uchun mavjud noyob imkoniyatlarni muhokama qilish maksadida respublikamizda tashkil etilgan ilk tadbirdir.

– Korxonalarimizda shaffof tarzda martaba (karera)ga erishish uchun zarur sharoit yaratamiz, har bir xodimning o‘ziga xosligini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu kompaniya barqaror rivojlanish siyosatining ajralmas qismidir. Bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazamiz, turli mamlakatlardagi minglab xodimlarimiz, hamkorlarimizni ilhomlantiramiz. Shu tariqa kompaniya muqobil energiya bo‘yicha iqtidorlar jamg‘armasini shakllantirish va ayollarning sohadagi ishtirokini kuchaytirishga hissa qo‘shmoqda, - dedi “ACWA POWER” kompaniyasi inson resurslarini boshqarish va madaniyat bo‘yicha direktori Feruza Mavlonova.

Statistikaga ko‘ra, hozir energetika sohasida ayollar butun dunyodagi ish o‘rnining atigi 22 foizini egallagan, qayta tiklanadigan energiya sohasida bu ko‘rsatkich biroz yuqori (32 foiz) bo‘lishiga qaramay, biznesda yangi kadrlarga talab mavjud. Xotin-qizlar uchun yangi martaba yo‘nalishlarini shakllantirish yuzaki – sektor har yili dunyo bo‘ylab 1 millionga yaqin ish o‘rni yaratadi. Xotin-qizlar bilan doimiy ravishda ochiq muloqot olib borish, ularga yetakchilik ko‘nikmasini o‘rganish va rivojlanish uchun imkoniyat yaratish orqali “ACWA POWER” butun energetika sektori manfaatidan kelib chiqib ish olib boradi va kompaniya faoliyat yuritayotgan mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonning iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shadi.

– O‘zbekiston kompaniya investitsiyasi darajasi bo‘yicha Saudiya Arabistonidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, - dedi Toshkentdagi “Women in Power”  rahbari Jon Zaydi. –  Bu jamoamizning O‘zbekistonda energetika sohasida ayollarni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini ko‘rsatish yo‘lidir. Korxonalarimizda xalqaro standartga qat’iy amal qilib, har bir xodimga hurmat bilan munosabatda bo‘lib, uning o‘ziga xosligini qo‘llab-quvvatlash, iste’dodini rivojlantirishga intilamiz.

Ochiq muloqot uchun ushbu transformatsion platformani ishga tushirish orqali biz jamiyatdagi ijobiy o‘zgarishlarni rag‘batlantirish, innovatsiya va jamiyatning barcha jabhalariga ayollarni faol jalb etish orqali O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishiga ko‘maklashishga intilamiz. “Women in Power” erkaklar va ayollar uchun adolatli imkoniyatlar kun tartibiga bag‘ishlangan qator tashabbuslar doirasidagi birinchi tadbir. Bu yil kuzda O‘zbekistonda yanada yirik tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Tadbir uchun “ACWA POWER” o‘ziga xos ramz – jinsidan kat’i nazar, har bir shaxsning qadr-qimmati va o‘ziga xosligini ifodalovchi kompaniyaning korporativ ranglarida yasalgan bir-biriga bog‘langan ikki romb yaratildi.

“ACWA POWER” haqida gap ketganda, ushbu kompaniya qayta tiklanadigan energiya manbalaridan samarali foydalanish, elektr energiyasi va tuzsiz suv ishlab chiqarish uskunalarini moliyalashtirish va ulardan foydalanishga ixtisoslashganini ta’kidlash joiz. Taxminan 3500 kishi ishlaydigan kompaniya hozir Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi 12 davlatni qamrab olgan. “ACWA POWER” portfeli kuniga 38,7 GVt elektr energiyasi va 5,8 million kub metr tuzsiz suv ishlab chiqaradigan, investitsiya qiymati 61,2 milliard dollarlik 60 ta aktivdan iborat.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vHo2f_UwMhc" title="“Women in Power” birinchi mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Kompaniya O‘zbekiston iqtisodiyotining eng yirik sarmoyadorlaridan biri sifatida yurtimizga 14 ta muqobil va qayta  tiklanadigan energiya loyihasi uchun jami 8,7 milliard dollar sarmoya kiritgan. Korxona respublikamizda bir necha ijtimoiy loyiha boshlagan, Shirin energetika kasb-hunar kollejining doimiy hamkori hisoblanadi.

Muharrama Pirmatova, Doniyor Yakubov,

Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA