French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“WikiMarafon” orqali yoshlarimiz o‘zbek tilini jahonga tanitmoqda
15:26 / 2025-11-05

Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom qilib voyaga yetkazish hamda huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yigit-qizlarning dunyoqarashini o‘stirishga qaratilgan loyihalar yo‘lga qo‘yilayotir.

Ana shulardan biri “WikiMarafon” loyihasi bo‘lib, internet olamida o‘zbek tilining nufuzi va imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. 2022 yil 20 mayda o‘zbekcha Vikipediyani boyitish orqali o‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan “WikiMarafon”

loyihasi boshlanganida o‘zbekcha Vikipediyadagi maqolalar soni 140 ming atrofida edi. Mazkur raqam bugungi kunga kelib 309 mingdan oshdi. Undagi tahrirlar soni esa 2,5 milliondan 5,7 millionga o‘sgan. Maqolalarning asosiysi mamlakatimiz yoshlari faoliyatidan iborat.

Bugunga qadar, loyiha sabab o‘zbekcha Vikipediyadagi foydalanuvchilar soni 880 nafardan oshib, sahifalar soni 1,1 millionga yetdi. Ayni paytda undagi so‘zlar soni 63 milliondan ortgan. Bu orqali jahon reytingidagi o‘rnini yanada mustahkamlab, 62-o‘rindan 40-o‘ringa ko‘tarildi. 

– Hozirgi kunga kelib o‘zbekcha Vikipediya Markaziy Osiyo davlatlari Vikipediyasi orasida 1-o‘rinni, turkiy tillar orasida esa 3-o‘rinni qayd etmoqda, – dedi loyiha rahbari Shohjahon Sobirov. – Mazkur raqamlar qisqa muddat ichida erishilgan katta yutuqlarning bir bo‘lagi, xolos. “WikiMarafon” har bir yoshni o‘z hissasini qo‘shishga chorlaydi: maqola yozish, tahrir qilish, ma’lumotlarni o‘zbek tilida boyitish orqali biz o‘z tilimizni global sahnaga olib chiqamiz. Loyiha doirasida kitobxon yoshlar uchun bir nechta tanlovlarni o‘tkazdik. Talaba va yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, ularning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan tanlovlarda ko‘plab yoshlarimiz qatnashib kitoblar to‘plamlarini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, “WikiMarafon” loyihasi doirasida yoshlar “WikiIELTS” tanlovida ishtirok etish orqali ELTS imtihonini bepul topshirish imkonini beruvchi vaucherlarni yutib oldi. Tanlov shartlari juda oddiy bo‘lib, dastlab ishtirokchilar bot orqali ro‘yxatdan o‘tdi, ularga berilgan matnni o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilib, qayta yukladi.  

Bir so‘z bilan aytganda, “WikiMarafon” loyihasi yoshlarga keng imkoniyatlar yaratish bilan birgalikda, o‘zbek tilining nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA