"Telegram" asoschisi Pavel Durov "Meta" kompaniyasiga tegishli "WhatsApp" messenjerini ochiq tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, ushbu ilovada xavfsizlik darajasi qoniqarli emasligi bois foydalanuvchilar shaxsiy ma’lumoti xavf ostida qolmoqda.
Tadbirkor o‘z sahifasida shunday yozgan:
- 2026 yil biz "WhatsApp"ning shifrlash tizimini tahlil qilish jarayonida xakerlik hujumi uchun qator zaif nuqtalarni aniqladik. Bu ma’lumot xavfsizligi va shaxsiy axborot muhofazasida jiddiy muammo borligini ko‘rsatadi. "WhatsApp" iste’molchilar huquqini himoya qilish uchun yetarli chora ko‘rmayapti.
Durov avvalroq "WhatsApp" ma’muriyatini "Telegram"ga qarshi qaratilgan soxta salbiy sharhlar tarqatilishi uchun pul ajratishda ayblab, ayni holatni raqobatni kamsitish, o‘z messenjerini ustun ko‘rsatish usullardan biri ekaniga urg‘u bergan edi.
Uning ta’kidlashicha, "Telegram" foydalanuvchilar ma’lumotini ishonchli himoya qilishga alohida e’tibor qaratadi va xavfsizlik tizimini doimiy ravishda takomillashtirib boradi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA