Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Webmoney o‘rnini nima egallashi mumkin?
18:51 / 2022-11-01

Webmoney xalqaro to‘lov tizimi O‘zbekistonda elektron tijorat rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Tizim misli ko‘rilmagan moliyaviy erkinlikni taqdim etdi. Webmoney MDHdagi birinchi to‘lov tizimi bo‘lib, foydalanuvchilarga elektron pullar yordamida bir-birlari bilan hisob-kitob qilish imkoniyatini berdi.

Unga 1998 yilda asos solingan. Tizim foydalanuvchilari turli valyutalarda raqamlashtirilgan pul mablag‘lari, elektron hamyonlardan foydalanishlari mumkin edi. Elektron hamyonlarning har bir turi kafil kompaniyaga ega. Ilgari O‘zbekistonning Click va Payme kabi mashhur mobil banking tizimlari Webmoney bilan faol hamkorlik qilgan. Shuning uchun foydalanuvchi mahalliy to‘lov kartasiga ega bo‘lishi kifoya edi.

Aksariyat yurtdoshlarimiz hali ham elektron do‘konlarga ishonmay, mahsulotni sotib olishdan oldin uni “ushlab ko‘rishni” afzal ko‘radi. Mahalliy tadbirkorlar esa bundan foydalanib qoldi. O‘zbekistonga Xitoy va Turkiyadan tonnalab jo‘natmalar kela boshladi. Ushbu tovarlarning aksariyati ming AQSH dollaridan kam qiymatda bo‘lganligi sababli bojxona to‘lovlariga tortilmadi. Keyinchalik bojsiz keltiriladigan tovarlar limiti qisqartirildi va g‘ayriqonuniy yo‘llar bartaraf etildi. Webmoney biznes uchun ahamiyatini yo‘qotdi, ammo oddiy foydalanuvchilar orasida mashhurligicha qolaverdi.

Webmoney bilan bog‘liq ilk muammolar 2021 yil dekabr oyida boshlandi. Rubldagi hamyonlar (R va R turi) uchun elektron pul mablag‘larini to‘ldirish va o‘tkazish bo‘yicha barcha amaliyotlar yarim yilga to‘xtatildi. Bularning barchasiga Rossiya Markaziy banki tomonidan Webmoney rubldagi hamyonlari uchun hisob-kitob banki sifatida ishtirok etadigan Konservativ tijorat bankiga berilgan ko‘rsatma aybdor.

«Kredit tashkilotining faoliyati uning yashirin qimor biznesiga, moliya bozorining noqonuniy ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatishga jalb etilish xavfi ortishi bilan tavsiflangan», — deya keltiriladi Rossiya Markaziy banki saytidagi xabarda.

Ko‘p sonli Rossiya xizmatlari tizimdagi cheklovlarga nisbatan birinchilardan bo‘lib javob berdi. Ular zudlik bilan o‘z xizmatlari uchun to‘lov usullaridan Webmoneyni chiqarib tashladi. Shu tariqa, o‘zbekistonlik foydalanuvchilar Rossiya servislari xizmatlari uchun to‘lovni amalga oshira olmadi, lekin Xitoy va Turkiya elektron savdo maydonchalarida tovarlarni harid qilishda davom etdi. 2022 yilning yanvar oyida elektron pul tizimlari barcha xorijiy elektron do‘konlarni qabul qilishni to‘xtatdi, bu esa ularni foydasiz holatga keltirdi.

Webmoney muqobilini topish murakkab vazifaga aylandi. Hozirda mamlakatimizda Master Card va Visa plastik kartalarini harid qilish mumkin, ammo ular Webmoneyning barcha imkoniyatlarini taqdim eta olmaydi. Ular bilan Rossiya hududida joylashmaganlik sharti bilan barcha mashhur chet el internet do‘konlari va servislarida xaridlarni amalga oshirish mumkin.

Yana bir muqobil – Rossiyaning «YUMoney» elektron tizim xizmatidir. U ham rossiyaliklar uchun yaratilgan, undan faqatgina Rossiya raqamidagi telefon bo‘lsagina foydalanish mumkin. Bu ayrim uddaburon yoshlarning O‘zbekistonda «YUMoney» hamyonlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha biznesini tashkil etishga to‘sqinlik qilmadi. Ular hududiy cheklovlarni qanday chetlab o‘tayotgani noma’lum, biroq xizmat narxi 400 ming so‘mdan boshlanadi.

Roman BONDARCHUK, O‘zA