Mamlakatimizda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlikka jalb etish masalasiga ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda.
Markaziy bank bu borada faol ishtirok etib, ayollar tadbirkorligi bo‘yicha moliyaviy kodeks – WE-Finance Code xalqaro tashabbusini O‘zbekistonda joriy etdi.
Bugun Markaziy bankda O‘zbekistonda joriy etilgan WE-Finance Code xalqaro tashabbusining bir yillik natijalariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, o‘tgan yilda Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan imzolangan o‘zaro anglashuv Memorandumiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mamlakatda WE-Finance Code tashabbusini joriy etish bo‘yicha asosiy muvofiqlashtiruvchi etib belgilangan.
[gallery-25303]
Ushbu tashabbus bugungi kunda dunyoning 30 dan ortiq davlatida amalga oshirilmoqda. Markaziy Osiyoda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Mo‘g‘ulistonda ilgari surilmoqda. O‘zbekiston ushbu tashabbus doirasida Milliy Nizom ishlab chiqqan mintaqadagi birinchi davlat sifatida e’tirof etildi.
—Markaziy bank tomonidan Ayollar tadbirkorligi bo‘yicha moliyaviy kodeks (We-Finance Code) xalqaro tashabbusini joriy etish doirasida Milliy Nizom ishlab chiqildi, — deydi Markaziy bank moliyaviy ommaboplik bo‘yicha bosh direktor Dilbar Abdug‘aniyeva. — Ushbu Nizom mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga yo‘naltirilgan institutsional yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi. Ayollar tadbirkorligi bo‘yicha moliyaviy kodeks doirasida Milliy Nizom O‘zbekistonda manfaatdor tomonlarning sa’y-harakatlarini birlashtirib barqaror ekotizim yaratish, statistika tahliliga asoslangan gender tengligi bo‘yicha siyosatlarni amalga oshirish, xalqaro maydonda islohotlarni namoyon etish hamda mamlakatimiz nufuzini mustahkamlashga imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, ayollar tadbirkorligi bo‘yicha moliyaviy kodeks tamoyillarini amalga oshirish jarayonida monitoring, baholash va hisobot beriladi. Ayollar tadbirkorligi bo‘yicha moliyaviy kodeksning barcha ishtirokchilari o‘z vakolatlari va zimmasiga olgan majburiyatlari doirasida moliyaviy ommaboplikni rivojlantirish hamda ayol tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi. Bir yillik natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bunday yondashuv tufayli yuzlab ayollar o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratmoqda, iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shmoqda.
Bu yutuq xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekistonning inklyuziv iqtisodiy siyosatni rivojlantirishdagi mamlakat imijini mustahkamlovchi yirik qadamlardan biri sifatida alohida ta’kidlandi.
Tadbirda milliy va xalqaro ekspertlar, bank va moliyaviy tashkilotlar, davlat idoralari, shuningdek, xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilish doirasida O‘zbekistonda tashabbusini joriy etish jarayonida erishilgan natijalar ayollar rahbarligi bo‘yicha gender statistikani aks ettiruvchi yangi ma’lumotlar platformasi (dashboard) taqdim etildi.
Shuningdek, kodeks imzolovchilar tomonidan taqdim etilgan majburiyatnomalar (Commitment letters) va ularning amalda bajarilish jarayoni muhokama qilindi.
WE-Finance Code tashabbusining yillik natijalari nafaqat ayollar tadbirkorligi uchun yanada keng imkoniyatlar ochadi, balki mamlakat iqtisodiyotida inklyuzivlik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga zamin yaratadi.
Sh.Mamaturopova,
O.Pardayev (surat),
O‘zA