BBC yozishicha, milliarder Jeff Bezosga tegishli “The Washington Post” gazetasi rahbariyati xodimlarga keng ko‘lamli qisqartirish rejalashtirilayotganini bildirdi. O‘zgarish asosan sport, mahalliy va xalqaro yangiliklar bo‘limlarida yuz berishi kutilyapti.
Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 30 foiz mutaxassis ishini yo‘qotadi. Jumladan, tahririyat va biznes bo‘limlaridagi 800 ga yaqin jurnalistning 300 dan ko‘pi bo‘shatiladi. Kutilayotgan voqea “The Washington Post” tarixidagi eng yirik, keng ko‘lamli qisqarishlardan biridir.
Bosh muharrir Matt Marrey xodimlar bilan suhbatda shunday degan:
– Gazeta o‘tgan davr mobaynida jiddiy moliyaviy yo‘qotishni boshdan kechirib, o‘quvchilarimiz ehtiyojini to‘liq qondira olmadi. Shu bois samaradorlikni oshirish, resurslarni muhim maqsadlarga yo‘naltirish zaruratini his qilyapmiz.
Tahririyat ishi muvofiqlashtirilishi nafaqat xodimlar soni, balki yangiliklar hajmiga ham ta’sir qilishi mumkin. Mutaxassislar ta’kidlashicha, qisqartirish ayniqsa sport xabarlari, mahalliy yangiliklar va xalqaro bo‘lim jurnalistlar faoliyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningdek, o‘zgarish gazeta raqobatbardoshligini saqlash, raqamli platformalar orqali yangilikni o‘quvchiga sifatli va samarali yetkazish hamda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA