Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“WAM” da “Kongress elchilari forumi” bo‘lib o‘tdi
21:51 / 2022-10-16

Hamkorlarimiz sahifalarida

Jahon Media kongressi Oliy qo‘mitasi Birlashgan Arab Amirliklari poytaxtidagi “WAM” Axborot agentligi qarorgohida ijtimoiy media mutaxassislari va kontent yaratuvchilar ishtirokida “Kongress elchilari forumi”ni o‘tkazdi.

Anjuman raqamli va ijtimoiy media platformalarining Abu-Dabida bo‘lib o‘tadigan xalqaro tadbirni dunyoga taqdim etishdagi ishtiroki va rolini muhokama qilish, media sektorining istiqbolini o‘rganish maqsadida tashkil etildi.

Forumda “WAM” bosh direktori, Jahon Media kongressi tashkiliy qo‘mitasi raisi Muhammad Jalol Ar-Rayssiy, Abu-Dabi milliy ko‘rgazmasi tijorat bo‘yicha ijrochi direktori Xalifa Al-Qubaysiy, “ADNEC” guruhi markazi xodimlari ishtirok etdi.

Ar-Rayssiy 25 davlatdan keladigan 150 eksponent ishtirokidagi ko‘rgazma, 18 davlat vakili - 170 ma’ruzachi chiqish qiladigan konferensiya va 27 ixtisoslashgan seminardan iborat mazkur xalqaro tadbir haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, kongress Yaqin Sharq mintaqasida shu turdagi ilk anjuman bo‘lib, sessiyalar media-industriya, raqamli aloqa, sun’iy intellekt, ilg‘or texnologiya va innovatsiya, ijtimoiy platforma, raqamli yechim va boshqa yirik loyihalarni o‘z ichiga oladigan aqlli dasturlarga bag‘ishlangan.

- Jahon Media kongressi, ko‘rgazma va konferensiya soha yetakchilari, ekspertlar, ijtimoiy media platformasi ta’sir etuvchilari va kontent yaratuvchilarni media sektori kelajagini belgilash, global tendensiyalarni bashorat qilish uchun birlashtiradigan xalqaro platforma, - dedi Xalifa Al-Qubaysiy.

U “Kongress elchilari forumi” ishtirokchilariga minnatdorlik bildirib, ularning ijodiy va maqsadli media-kontent yaratish mahorati orqali tadbir muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonch bildirdi. OAVning anjumanni yoritishdagi muhim rolini ta’kidladi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA