Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
WADA: Toshkent xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda
15:30 / 2026-01-27

Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da Butunjahon antidoping tashkiloti(WADA) tomonidan "Global antidoping boshqaruvini mustahkamlash: uyg‘unlashtirish, muvofiqlik va mintaqaviy hamkorlik" mavzusida xalqaro forum tashkil etildi.

Bugun, 27 yanvar kuni xalqaro forum doirasida O‘zbekiston milliy antidoping agentligining “Olimpiya shaharchasi”dagi yangi ofisining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda WADA prezidenti Vitold Banka, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sodiqov va Markaziy Osiyo mintaqaviy antidoping agentligi (RADOCA)ga a’zo davlatlarning delegatlari ishtirok etdi.

Marosimda WADA prezidenti Vitold Banka mazkur yangi maskan O‘zbekistonda dopingga qarshi kurashish, sportchilarning jismoniy tayyorgarliklarini nazorat qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun xizmat qilishini ta’kidladi.

Konferensiyada 12 ta mamlakatdan nufuzli mehmonlar, jumladan RADOCAga a’zo 8 ta tashkilot vakillari va sohaning yuqori malakali mutaxassislari, xalqaro ekspertlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.

[gallery-27320]

Yig‘ilishda kelgusi yillarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Jumladan, WADA Kodeksi talablariga to‘liq amal qilish, xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritish, sportchilarning salomatligini asrash va ularning huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan holda muhokamalar o‘tkazildi.

Xalqaro forum doirasida shuningdek, har bir davlat vakili o‘z mamlakatining tajribasi, erishilgan natijalari va mavjud muammolari haqida axborot berib, dopingga qarshi kurashda samarali yo‘llar va hamkorlik imkoniyatlari tahlil etildi. Bu, xalqaro maydonda adolatli raqobatni ta’minlash va sportda halollik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bundan tashqari, forum dasturiga ko‘ra, RADOCA Kengashi a’zolari ishtirokida bir qator mavzular qamrab olinishi, 2027 yilgi Jahon antidoping kodeksini amalga oshirish, tajriba almashinuvni kuchaytirish, dopingga qarshi ta’lim va ilmiy yordamni mustahkamlash va hamkorlik asosida milliy antidoping tizimini yaratish nazarda tutilmoqda.

E’tiborli jihati, Toshkentda o‘tkazilgan ushbu xalqaro forum natijasida sport tashkilotlarining 200 nafarga yaqin mutaxassislari halol sportni targ‘ib etish va taqiqlangan moddalarga qarshi kurashish yo‘lida yetarli tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘ldi.

To‘lqin Ro‘ziyev,  

Alimurod Mamadaminov(surat), O‘zA