Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari xalq bilan ochiq muloqot qilish, ijtimoiy soha obyektlari, tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan tanishish maqsadida hududlarda uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Navoiy shahrida bo‘lib, hududdagi sanoat korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab partiya yetakchisi Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputatlari bilan uchrashib, ularning taklif va fikrlari, aholi vakillari tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘rgandi.

Uchrashuv davomida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan yangi qonunlar, jumladan, “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Mazkur qonun bilan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishning aniq tartibi belgilanayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yil 16-aprel kuni qabul qilingan “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati va unda belgilab berilgan dolzarb vazifalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
Muloqot davomida davlatimiz rahbari tomonidan selektor yig‘ilishlari hamda tashriflari davomida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida belgilab berilayotgan vazifalar ijrosini ta’minlashda deputatlardan yanada faollik talab qilinishi, fuqarolar bilan doimiy muloqotda bo‘lish, aholining muammo va takliflarini tegishli tashkilotlar orqali hal qilib borish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

Uchrashuv davomida deputatlarning ham takliflari, fikr-mulohazalari tinglandi.
Aktam Xaitov xitoylik tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan, 2021-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “TIANCHENG STONE” MCHJning ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Mazkur korxona to‘liq chet el investitsiyasi asosida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi mamlakatlarga turli o‘lcham va shakldagi granit toshlarini eksport qilib kelmoqda.

Ayni paytda korxonada ish ikki navbatda tashkil etilgan bo‘lib, 650 nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qiladi. Uzoq hududlardan kelib ishlayotganlar yotoqxona, barcha ishchilar bepul ovqat bilan ta’minlangan. Joriy yilning birinchi choragida korxonaning tovar aylanmasi qariyb 22,5 milliard so‘mni tashkil qildi.
Uchrashuvda korxonaning kelgusi faoliyatini yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari muhokama etildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri