“Voyage Awards 2025” xalqaro mukofoti doirasida O‘zbekiston “Madaniy turizm bo‘yicha yil yo‘nalishi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Mukofot xalqaro maydonda milliy turizm salohiyatini faol ilgari surgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasiga topshirildi. Mutaxassislar Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘liq yo‘nalishlarning o‘ziga xosligi, mamlakatimizning tarixiy yodgorliklari va madaniy an’analarini alohida qayd etdi.
“Voyage Awards” mukofoti nufuzli xalqaro tuzilmalar va soha vakillari tomonidan turizm yo‘nalishlari, mehmonxona tarmoqlari, aviakompaniyalar va sayyohlik tashkilotlarini baholash asosida beriladi. O‘zbekistonning ushbu nominatsiyada g‘olib deb topilishi jahon turizm hamjamiyatining yurtimizga, xususan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning fikricha, mukofot mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va sayyohlik infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan izchil siyosatning natijasidir.
Aziza Alimova, O‘zA