"Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun Prezident tomonidan imzolandi
Jinoyat kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:
–Voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilish voyaga yetmagan shaxs ishtirokida qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish jinoyatlari jinoyatga tayyorgarlik yoki suiqasd bosqichida to‘xtatilganda, mazkur jinoyatlar uchun jazo tayinlashda yengillik berilmaydi.
Quyidagi jinoyatlarni sodir etganlarga jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qo‘llanilmaydi:
–18 yoshga to‘lmagan jabrlanuvchi nomusiga tegish va uni jinsiy aloqaga majbur etish bilan bog‘liq jinoyatlar;
–16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa yoki unga uyatsiz-buzuq harakatlar qilish;
–voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilish;
–voyaga yetmagan shaxs ishtirokida qo‘shmachilik qilish, fohishaxona tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlar.
Ayolni homilasini sun’iy tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, jarima miqdori BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha yoki 3 yildan 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanashi belgilandi.
Ilgari BHMning 50 baravarigacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari nazarda tutilgan.
Nomusga tegish (118-modda) va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-modda) jinoyatlari uchun javobgarlik 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi. Ilgari 3 yildan 7 yilgacha edi.
Shuningdek, mazkur jinoyatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, sobiq xotiniga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilishi, jabrlanuvchiga qarab turish yuklatilgan ta’lim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan sodir etilishi jinoyatni og‘irlashtiruvchi holat deb topilishi nazarda tutilmoqda.
O‘zA