Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatildi
07:54 / 2023-03-05

Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi tashabbusi bilan qator tashkilotlar hamkorligida poytaxtda yashovchi ijtimoiy-huquqiy jihatdan yordamga muhtoj, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan 534 oila o‘rganildi.

Ta’kidlash joiz, o‘tgan bir oy davomida tarbiyasida o‘zgarish bo‘lgan 50 nafar voyaga yetmagan o‘g‘il-qiz bilan ijtimoiy-huquqiy va psixologik chora-tadbirlar o‘tkazildi.  

Jarayonda ijtimoiy-huquqiy jihatdan yordamga muhtoj va ijtimoiy xavf ostida bo‘lgan oilalarda yashab kelayotgan voyaga yetmaganlarning oilasi bilan ish olib borilib, bolalar, ularning ota-onasi va vasiylariga ijtimoiy-huquqiy, tibbiy, pedagogik, psixologik, moddiy, amaliy yordam ko‘rsatildi. Bolalarning qiziqishi va qobiliyatini hisobga olib, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, tegishli ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga joylashtirish, ota-onasi va ularning o‘rnini bosuvchi vasiy shaxslarning bandligini ta’minlash ishlari amalga oshirildi.  

Shuningdek, bolalar malakali shifokorlar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha tibbiy profilaktik ishlar olib borilib, ularning salomatligini yaxshilash va sog‘lom turmush tarziga qaytarish choralari ko‘rildi.  

Markazga joylashtirilgan o‘g‘il-qizlar uchun tikuvchilik, zardo‘zlik, kulolchilik, rassomchilik, raqs, musiqa, kompyuter savodxonligi, robototexnika, xorijiy tillarni o‘rganish, oshpazlik, qandolatchilik, yog‘och o‘ymakorligi va duradgorlik to‘garaklari tashkil etildi. Bolalarni yosh davriga qarab kasb-hunarga yo‘naltirish ishlari olib borildi.  

4 nafar bola qiziqishi bo‘yicha sportga ixtisoslashgan internat-maktabiga joylashtirildi. 15 yoshli Jumavoy Sardorovga tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma va 2 nafar yoshga ID fuqarolik pasporti bepul rasmiylashtirildi. Tibbiy yordamga muhtoj 1 nafar bolaga Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun imtiyozli yo‘llanma berildi. Voyaga yetmagan bolalar bilan yaratilgan psixologik portretlar natijasiga ko‘ra, 36 nafar yosh sport maktablarida bepul mashg‘ulotlarga qatnashi uchun sertifikatlar taqdim etildi.  

[gallery-10818]

Shuningdek, bir qancha yoshga tanlagan kasbi bo‘yicha “Ishga marhamat” monomarkazlarining o‘quv- kurslariga yo‘llanmalar berilib, 4 nafarining ish bilan bandligi ta’minlandi.  

Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida o‘tkazilgan tadbirda tegishli idora mutasaddilari, ustozlar, ota-onalar ishtirok etdi. Unda 50 nafar o‘g‘il-qizga markaz sertifikatlari topshirildi.

Tadbirning madaniy qismida O‘zbek davlat sirki ustalari, taniqli san’atkorlar va yosh iste’dodlar o‘z chiqishlari bilan davraga fayz kiritdi.

Tadbir so‘ngida markazda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar Gulchehra Qosimova va Behzod Qoraboyev O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlari birlashmasi tomonidan “Vafo va sadoqat uchun” hamda “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun” medallari bilan taqdirlandi.  

Muhammad AMIN (surat), O‘zA