Jamiyatning kelajagi — bugungi yoshlar qo‘lida. Shu bois, voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilik masalasi har doim dolzarb bo‘lib kelgan. 2025 yil natijalari esa ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar asta-sekin o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda voyaga yetmaganlar tomonidan 3 112 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyat qayd etilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 2 798 taga tushgan. Ya’ni, jinoyatlar soni 10,1 foizga kamaygan. Bu esa maktab, oila, mahalla va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining asosiy sabablari oilaviy nazoratning susayishi, tarbiyaviy ishlar yetarli darajada olib borilmasligi, nazoratsiz bo‘sh vaqt va salbiy tengdoshlar ta’siridir. Ayniqsa, mulkiy jinoyatlar: o‘g‘rilik, talonchilik va firibgarlik yetakchi o‘rinni egallamoqda.
Statistikaga nazar tashlasak, har ikkinchi jinoyat o‘g‘rilikka to‘g‘ri keladi (1 313 ta holat). Shuningdek, 84 ta firibgarlik, 193 ta bezorilik, 87 ta talonchilik, 68 ta og‘ir tan jarohati yetkazish, 68 ta transport vositasini olib qochish, 36 ta nomusga tegish, 17 ta bosqinchilik va 15 ta qotillik holatlari qayd etilgan.
Ayni vaqtda yana bir xavotirli jihat bor: jinoyatlarning 12 foizi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan. Internet yoshlar uchun imkoniyat eshiklarini ochayotgan bo‘lsa-da, kiberfiribgarlik, onlayn bosim va virtual tajovuz kabi xavf-xatarlarni ham olib kelmoqda.
Hududiy tahlillarga ko‘ra, jinoyatlarning asosiy qismi beshta hudud hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ular: Toshkent shahri (634 ta), Farg‘ona (482 ta), Namangan (371 ta), Toshkent viloyati (345 ta) va Samarqand viloyati (308 ta). Bu esa profilaktika ishlarini umumiy tarzda emas, balki manzilli ravishda olib borish zarurligini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar yakdil fikrda: voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi faqat ichki ishlar organlarining muammosi emas. Bu ota-ona, maktab, mahalla va butun jamiyat zimmasiga tushadigan mas’uliyatdir. Eng samarali yo‘l — bolaning xatosini jinoyatga aylanishidan oldin to‘xtatish.
O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan ilmiy tahlillar va amaliy tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining kelib chiqish sabablari chuqur o‘rganib chiqilgan.
Unga ko‘ra, jinoyatga olib keluvchi omillar orasida ota-onaning tarbiyaviy namunasi yetakchi o‘rinni egallaydi. Bola eng avvalo, ota-onasining kundalik xulq-atvori va munosabatlaridan o‘rnak oladi. Shuning uchun oilada qonunga hurmat, mehnatsevarlik va mas’uliyat ustuvor bo‘lsa, bolada ham shu qadriyatlar shakllanadi.
Shu bilan birga, ijtimoiy muhit — do‘stlar davrasi, ko‘cha, norasmiy guruhlar ham katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Nazoratsiz qolgan yosh uchun salbiy xatti-harakat tezda odatga aylanib ketishi mumkin.
Iqtisodiy qiyinchiliklar ham ayrim o‘smirlarni mulkiy jinoyatlarga moyil qilishi kuzatilmoqda. Shuningdek, maktab muhitidagi muammolar: dars qoldirish, o‘qishga beparvolik va tarbiyaviy ishlar samarasizligi ham xavfli omil hisoblanadi.
Psixologik omillar: tajovuzkorlik, o‘zini namoyon qilish istagi ham ayrim hollarda og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Eng kam ulush huquqiy savodxonlik yetishmasligiga to‘g‘ri kelsa-da, yoshlarni qonun va javobgarlik haqida xabardor qilish boshqa omillarning ta’sirini kamaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Aytish joiz, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi yakka sabab emas, balki bir-biri bilan bog‘liq omillar tizimining natijasidir, deya keltiriladi tahlillarda. Shu bois, ehtimol, profilaktika ishlari ham faqat jazo bilan cheklanmasligi kerakdir? Muhitni sog‘lomlashtirish, oilani qo‘llab-quvvatlash va yoshlar bilan erta ishlash — eng to‘g‘ri yo‘ldir, balki?
Aynan shu borada O‘zbekiston Kriminologiya tadqiqot institutining ilmiy tahlillari va amaliy takliflari so‘nggi vaqtlarda juda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Institut tomonidan olib borilayotgan izchil tadqiqotlar jamiyatda jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qilib, voyaga yetmaganlar kelajagini asrash yo‘lida ishonchli poydevor bo‘lmoqda.
Bu kabi samarali faoliyat esa kelgusida yanada ijobiy natijalarga sabab bo‘lishi shubhasiz.
M.Eshmirzayeva,
O‘zA