Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida ta’lim sohasi mutaxassislari, mas’ul organlar vakillari ishtirokida navbatdagi o‘quv-amaliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda markaz faoliyati, voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda qatnashgan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda boshqa hamkor tashkilotlar vakillari uchun markazdagi kundalik jarayonlar, voyaga yetmaganlarni qabul qilish, ular bilan psixologik-pedagogik ishlash tartibi borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Markaz faoliyati O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nazoratsiz, qarovsiz qolgan, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga kecha-kunduz yordam ko‘rsatadi.

Yig‘ilish davomida voyaga yetmaganlarni erta aniqlash, mahalla, ta’lim muassasalari, inspektor-psixologlari hamda profilaktika inspektorlari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish, nazoratsiz qolish xavfi bo‘lgan bolalar bilan tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Shuningdek, markazdan chiqqan bolalarni ijtimoiy moslashtirish, ularning ta’lim jarayoniga qaytishini ta’minlash, psixologik qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini yanada kengaytirish haqida so‘z yuritildi.

Tadbir yakunida yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, sohaga doir ishlarni tizimli ravishda kuchaytirish, voyaga yetmaganlar bilan ishlashda profilaktik, kompleks yondashuvlarni kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.