Andijonda ichki ishlar tizimida “E-inspektor psixolog” axborot tizimini amaliyotga joriy etish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv- seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari, huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati mas’ul xodimlari, tuman, shahar bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya kotiblari, umumta’lim maktablari direktorlari ishtirok etgan seminarda “E-inspektor psixolog” axborot tizimini amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq masalalar xususida so‘z yuritildi.
Seminarda ishtirokchilarga huquqbuzarliklarning oldini olish hamda inspektor-psixolog xizmat faoliyatida qog‘oz shakldagi ish yurituvidan voz kechib, ish samaradorligini oshirish maqsadida amaliyotga tatbiq etilayotgan “E-inspektor psixolog” axborot tizimining mazmun-mohiyati, ahamiyati, afzalliklari haqida keng ma’lumot va tushunchalar berildi.
[gallery-15772]
– Inspektor-psixologlar har bir o‘quvchi bilan bevosita ishlashi lozim, – deydi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev. – Shu orqali u voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va qonunbuzilish holatlariga murosasiz munosabatni shakllantiradi, maktablarda ijtimoiy-psixologik muhitni yaxshilash choralarini ko‘radi. Bundan tashqari, muammoli o‘quvchilar, ularning ota-onalari bilan hamkorlikda manzilli ishlarni tashkil etadi.
Shuningdek, seminarda voyaga yetmaganlar ma’naviyatini yuksaltirish, bilim olishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish, qolaversa, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, umuman, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Seminar yakunida namunali faoliyat olib borayotgan bir guruh inspektor-psixologlar rag‘batlantirildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari