Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Voyaga yetmagan shaxsni mehnatga majburlaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda
10:21 / 2021-02-04

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar dastlab mamlakatimizda voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, ularni majburiy mehnatga, taqiqlangan yoki g‘ayriqonuniy birlashmalar faoliyatiga jalb qilish hamda voyaga yetmaganlardan shahvoniy maqsadlarda foydalanish holatlariga chek qo‘yish va bunday harakatlarni sodir etganlarning javobgarligini so‘zsiz ta’minlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish uchun Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari A.Xolmahmatov ma’ruza bilan chiqib, uni konseptual jihatdan asoslab berdi.

Jinoyat kodeksi o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsning o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda unga moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun javobgarlikni belgilaydigan modda bilan to‘ldirilmoqda.

Shu bilan birga, mazkur jinoyat ob’ekti sifatida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs normal va axloqiy rivojlanayotgani inobatga olinib, jinoyat sub’ekti yoshini 18 yoshdan belgilash taklif etilmoqda.

Qonun loyihasining yana bir muhim jihati shundaki, voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, ularni majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga chek qo‘yish maqsadida Jinoyat kodeksiga voyaga yetmagan shaxsni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish kiritilmoqda.

Shuningdek, Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxsni O‘zbekiston Respublikasida g‘ayriqonuniy jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlar, oqimlar, sektalar faoliyatida qatnashishga undash uchun jinoiy javobgarlik, shu bilan birga, Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimcha kiritilib, mazkur jinoyatning tergovi ichki ishlar organiga tegishli ekani belgilanmoqda.

Nurillo NASRIEV, O‘zA