Sirdaryo viloyatida voyaga yetmagan ikki nafar farzandning kelajagi kafolatlandi. Aniqrog‘i, aliment majburiyatini bajarish masalasi bolalar manfaatlarini ustuvor qo‘ygan holda hal etildi — ota o‘z farzandlariga uy-joy taqdim qildi.
Ma’lum qilinishicha, sud qaroriga asosan Sirdaryo tumanida yashovchi fuqarodan ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan bo‘lib, mazkur qaror ijrosi Majburiy ijro byurosining Sirdaryo tumani bo‘limi tomonidan nazoratga olingan.
Davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari, shuningdek, tomonlar o‘rtasida o‘tkazilgan tushuntirish ishlari va o‘zaro kelishuv natijasida ota aliment to‘lovini voyaga yetgunga qadar amalga oshirish o‘rniga, Sirdaryo tumani Shirin mahallasida joylashgan, umumiy yer maydoni 6 ming kvadrat metr bo‘lgan uy-joyni farzandlari manfaati uchun ularning onasi nomiga notarial tartibda rasmiylashtirib berdi.
Qayd etilishicha, mazkur kelishuv bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, u qonun talablariga to‘liq muvofiq ravishda amalga oshirildi. Shu tariqa, undiruvchi tomon aliment undirishdan voz kechib, ijro ishi belgilangan tartibda tamomlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri