French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimi talab darajasidami?
15:43 / 2026-02-06

Senat yalpi majlisida voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, parlament so‘rovi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 2025 yil davomida “Mas’uliyatli ota-onalik” dasturlari doirasida 22 ming nafar ota-ona hamda 30 mingga yaqin nizoli oila o‘qitilgan. O‘quvlarda asosiy e’tibor ota-onaning farzand oldidagi burchi, mas’uliyati va javobgarligiga qaratilgan.

Ota-onalar mas’uliyatini oshirishga bag‘ishlangan o‘nga yaqin nomdagi o‘quv qo‘llanmalari, 40 dan ziyod targ‘ibot materiali tayyorlangan.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori bir oylik minimal iste’mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmasligi yuzasidan qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlangan.

“Aliment to‘lovlari” jamg‘armasini shakllantirish manbalari yanada kengaytirilib, Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasining har oylik daromadlarining xarajatlariga nisbatan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan jamg‘armaga mablag‘ yo‘naltirish tizimi joriy qilingan.

Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi Iqtisodiyot va moliya vazirligining G‘aznachiligi elektron tizimi (UzASBO) bilan to‘liq integratsiya qilingan.

Markaziy bank boshqaruvining “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qaroriga asosan voyaga yetmagan bolalar nomiga bank hisobvarag‘i ochishning huquqiy asoslari belgilangan.

Muhokamada parlament so‘rovi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar ham saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan yoki daromadi aniqlanmagan aliment to‘lovchidan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish tartibini takomillashtirish, “Bolalarga aliment undirish va oilani ta’minlashning boshqa shakllarining xalqaro tartibi to‘g‘risida”gi Gaaga konvensiyasiga qo‘shilish, aliment to‘lovchi haqida ma’lumot bo‘lmasa, voyaga yetmagan bola ta’minotini hal etish kabilar shular jumlasidandir.

Muhokama yakunida yuqoridagi masalalarni o‘z ichiga olgan Senat qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA