Oila – inson uchun eng muqaddas dargoh. Kimniki oilasi tinch-xotirjam bo‘lsa, u jamiyatda o‘z o‘rnini topadi, o‘sha oilada ulg‘aygan farzandlar yurtga, odamlarga manfaat keltiradigan insonlar bo‘lib kamol topadi.
Ming afsuski, bugungi kunda jamiyatimizda parokanda bo‘lgan oilalar, ajrashib farzandlarini tirik yetim qilayotgan yoki qandaydir sabablar tufayli farzandlarini o‘zaro talashayotgan ota-onalar ham yo‘q emas.
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi, uning shahar, tuman bo‘limlari tomonidan ana shunday holatlar bo‘yicha ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida zarur ishlar olib borilmoqda.
Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi fuqaro F.N. oilaviy kelishmovchilik sababli turmush o‘rtog‘i M.N.ning uyidan ketishga majbur bo‘lgan. Biroq voyaga yetmagan uchta (13, 11, 6 yoshli) farzandlarini olib keta olmagach, u sudga murojaat qilgan.
Byuroning Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limiga fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tumanlararo sudining javobgar M.N.dan ikki qiz va bir o‘g‘il farzandlarini da’vogar F.N., ya’ni bolalarning onasi qaramog‘iga olib berish bo‘yicha ijro hujjati kelib tushgan.
Bo‘lim xodimlari tomonidan ushbu ijro hujjatining ijrosini ta’minlash maqsadida olib borilgan ijro harakatlari davomida javobgarga voyaga yetmagan bolalarni onasiga ixtiyoriy ravishda topshirish to‘g‘risida ogohlantirish xati yuborilgan. Lekin ota farzandlarini onasiga berishdan bosh tortgan. Shunga ko‘ra, davlat ijrochilari tomonidan tegishli organlar vakillari va xolislar ishtirokida voyaga yetmagan bolalarni onasi tarbiyasiga olib berilishi ta’minlandi.
Jamiyatda qonun ustuvorligini, oila mustahkamligini ta’minlash muhim vazifa. Shu ma’noda ana shu vazifani amalga oshirishga barcha birdek mas’ul va burchli ekanligini aslo unutmasligimiz lozim.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA