Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vositachilar guruhi tuzilishi kerak. Qurol importida rekord...
20:10 / 2023-03-13

Rossiya-Ukraina

G‘arb Ukrainani Rossiya bilan muzokara o‘tkazishga majburlamasligi kerak, ammo hozirning o‘zidayoq tinchlik jarayoni qanday bo‘lishi to‘g‘risida o‘ylab ko‘rishi kerak. Bu haqda Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasi sobiq rahbari Volfgang Ishinger “Tagesspiegel” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tgan. U ehtimoliy muzokarada muhim o‘rin tutishi mumkin bo‘lgan “vositachilar guruhi tuzish” taklifini bildirdi.

“Bu guruhga Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH va Fransiya kirishi kerak. Keyin BMT, YeI, YeXHT, NATO hamda Ispaniya, Kanada, Polsha, Boltiq bo‘yi davlatlari qo‘shilishi mumkin”, dedi Ishinger.

Ukraina Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvilini Tbilisiga yuborib, mamlakatni beqarorlashtirish va harbiy harakat boshlashni rejalagan. “IMEDI” telekanali muxbiri bilan suhbatda Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili shunday bayonot berdi.

“Ukrainada ziddiyat 2021 yil noyabrda boshlanishi kerak edi. Bu haqda bizda aniq ma’lumot bor. Saakashvili Gruziyaga 1 oktyabrda yetib keldi”.

Shuningdek, Garibashvili Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va mamlakatning boshqa siyosatchilarini Tbilisidagi namoyishni qo‘llab-quvvatlagani uchun qoraladi.

Chexiya Prezidenti Petr Pavel va Zelenskiy telefon muloqoti chog‘ida o‘zaro chex yetakchisining aprel oyida Ukrainaga tashrif buyurishini kelishib olishdi. Bu haqda Chexiya rahbari matbuot kotibi Marketa Rjegakova ma’lum qildi.

“Politico” gazetasi o‘z manbasiga tayanib, Qo‘shma Shtatlar va Kiyev hukumati o‘rtasida Ukraina atrofidagi ziddiyat masalasida kelishmovchilik kuchayib borayotganini yozgan. Maqolada “Amerika-Ukraina munosabatida “kichik norozilik” boshlandi, ikki davlatning orasi “asta-sekin buzilmoqda”, deya ta’kidlangan.

Germaniya Vazirlar Mahkamasi o‘zi yurar “Panzerhaubitze-2000” artilleriya uskunasini sotib olib, Kiyevga bermoqchi, deb xabar berdi “Bild am Sonntag” nashri.

“Gap qiymati 154.7 million yevroni tashkil etadigan o‘n dona shunday mashina haqida ketyapti”, deyiladi xabarda.

Italiya Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani “Radio-24”ga intervyusida G‘arb Ukrainaga harbiy qo‘shin yuborishi muhokama qilinmaganini aytdi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Germaniyada vaqti-bemahal o‘tayotgan harbiylarga qarshi namoyishlarni tanqid qilib chiqdi. Bu haqda “Bild am Sonntag” xabar berdi.

“Hukumatni bizga qurol-aslaha yetkazib berishni to‘xtatishga chaqirish o‘rniga, Rossiyani harbiy amaliyotdan voz kechishga da’vat qilish kerak”, dedi vazir. Kuleba, shuningdek, G‘arb yaqin orada Ukrainaga qiruvchi uchoqlar yetkazib berishiga shubha bildirdi.

“Buning uchun avvalo logistika va texnika masalasini hal etish kerak. Qolaversa, ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash ham ancha vaqt oladi”, dedi u.

Abror XON, O‘zA