Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vositachi guruh tuzish taklifi bildirildi, asirlar almashildi...
12:45 / 2023-04-17

Rossiya – Ukraina

Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklari rahbarlari bilan Ukraina ziddiyatini hal qilishda vositachilik masalasini muhokama qildi. Bu haqda uning o‘zi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Xalqaro hamjamiyat Ukraina atrofidagi nizo bo‘yicha muzokaraga qaytish uchun sharoit yaratmog‘i lozim. Bu haqda Fransiya TIV rahbari Katrin Kolonna “NHK” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning savdo sohasidagi bir tomonlama harakati ma’qul emas. Yevrokomissiya vakili Polsha va Vengriya mahalliy qishloq xo‘jaligi sektorini himoya qilish maqsadida Ukrainaning don va boshqa oziq-ovqat mahsulotiga qo‘ygan taqiqini sharhlab, shunday bayonot berdi.

“Murakkab vaziyatda ayni masala YeI doirasida muvofiqlashtirilishi va hal etilishi kerak”, dedi vakil.

Bir necha kun avval hukmron “Qonun va adolat” partiyasi yetakchisi Yaroslav Kachinskiy Polsha hukumati Ukrainadan mamlakatga don va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kirishini taqiqlaganini ma’lum qilgan edi.

Rasmiy Kiyev bu mahsulotlar tranziti muammosi hal etilishiga ishonadi, deya bayonot berdi Ukraina agrosiyosat vaziri Nikolay Solskiy.

“Biz polyak fermerlariga qiyinligini tushunamiz, ammo bizdagi vaziyat yanada og‘irroq”, dedi mulozim “Klymenko Time” nashriga.

Amerika mulozimlari Ukraina harbiy kuchlari yetarli tayyorgarlikka ega emas, armiyaga zarur miqdorda o‘q-dori yetishmaydi, deb hisoblaydilar. Bu haqda “The Washington Post” xalqaro siyosiy sharhlovchisi Devid Igneyshes yozdi.

Internetga sizdirilgan maxfiy hujjatlarda, taxminan, ikki oy oldin Ukrainadagi vaziyatga baho berilib, AQSH rasmiylari Ukrainadagi vaziyat “boshi berk ko‘chaga kirib borayotgani”ni aytgan.

O‘tgan hafta esa mulozimlar “ikki oy avvalgi holat saqlanib qolmoqda”, deya qayd qilishgan.

Pentagondagi manba “Ukrainaliklarning mashqi va harbiy “o‘yin”i muvaffaqiyatga umid beradi”, degan.

Kecha minglab odamlar Praga markaziga to‘planib, Ukrainaga haddan ziyod e’tibor berilayotgani tufayli mamlakat iqtisodiyotida muammo ko‘payib borayotgani uchun hukumatni ayblab chiqishdi. Norozilik qatnashchilari Chexiyani NATOdan chiqishga, Ukrainada tinchlik muzokarasi o‘tkazishga da’vat etishdi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba rasmiy tashrif bilan Bag‘dodga keladi, deb yozdi “Shafaq News” Iroq TIV rasmiy vakili Ahmad as-Sahofga tayanib.

Xabarga ko‘ra, Kuleba Bosh vazir Muhammad As-Sudaniy va tashqi ishlar vaziri Fuad Husayn bilan uchrashib, ikki tomonlama munosabatni muhokama qiladi.

Ukraina ma’muriyati rahbari Andrey Yermak ma’lum qilishicha, asirlarni almashish doirasida 130 harbiy mahbus vatanga qaytarilgan.

– Tadbir Pasxa bayrami arafasida amalga oshirildi, – qo‘shimcha qildi u.

Yermak Rossiyaga qancha asir qaytarib berilgani xususida ma’lumot bermagan.

Abror XON, O‘zA