Shu mavzuda bugun kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Toshkent Davlat yuridik universiteti vakillari, O‘zbekiston Notarial palatasi rahbar va mutaxassislari hamda notariuslar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori o‘rinbosari Vosidjon Ergashev va O‘zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov olib borgan davra suhbatida ishtirokchilar O‘zbekistonda amaldagi vorislik huquqi yo‘nalishida mavjud kamchiliklar, ularni bartaraf etish yo‘llari, shuningdek, qonunchilik sohasiga shiddat bilan kirib kelayotgan raqamlashtirish va islohotlar, ijtimoiy tarmoqlar rivojlanib borishi tufayli yangidan-yangi meros turlari va huquqi paydo bo‘layotgani haqida so‘zladilar. Professor Nurilla Imomov “Facebook”, “Instagram”, “Youtube” va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda meros qolishi mumkin bo‘lgan elektron meros turlari, ularga kelajakda meros huquqini berish va notarial tasdiqlash haqida so‘z yuritdi.

- Vorislik huquqi bo‘yicha Adliya vazirligi va Notarial palata tomonidan tizimli targ‘ibot-tashviqot tadbirlari olib borilmoqda. Aytish joizki, 9 oyda notariuslar tomonidan amalga oshirilgan 182000 ta meros ishlaridan atigi 50 tasi haqiqiy emas deb topilgan, bu hattoki jami meros ishining 1 foizi ham emas. Shu 50 ta meros ishi ham fuqarolarimiz tomonidan merosxo‘rlarni yashirish va boshqa shu kabi harakatlar tufayli bekor qilingan. Bu notariuslarimizning tajriba va mahorati yuksakligidan darak beradi. Albatta, mutaxassislarimiz va notariuslarning o‘zlari vorislik huquqi bo‘yicha xorijiy tajribalarni o‘rganib, qonunchilikni takomillashtirish borasida takliflarini berishmoqda, bu esa sohada isloh qilinishi kerak bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etishga yordam beradi, - deydi Ma’sum Hatamov.
Davra suhbati juda sermazmun o‘tdi. Unda qonunchilikni takomillashtirish uchun bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

O‘zA