Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Volontyorlik harakati jamiyatda faol fuqarolar avlodini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi
14:48 / 2023-09-26

Hozirgi kunda volontyorlik harakati dunyoda keng tarqalayotgan mashhur sohalardan biridir. Bunda ma’lum bir ezgu maqsad yo‘lida jamiyatda har xil muammoga duch kelgan, yordamga muhtoj insonlarga, ularning hayoti har tomonlama yaxshilanishiga qaratilgan bepul xizmat ko‘rsatiladi.

O‘zbekistonda volontyorlik faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida Yoshlar ishlari agentligi boshqarma boshlig‘i Umidulla Sattorov bilan suhbatlashdik. 

– Volontyorlar  soddaroq aytganda, har qanday masala bo‘yicha beminnat xizmat qiladigan, atrofdagi insonlarga, jamiyatga astoydil va hech qanday moddiy manfaatlarsiz yordam beruvchilar. 

Jumladan, koronavirus pandemiyasi davrida, ayniqsa, volontyorlar yaqqol ko‘zga tashlandi. Ular dori-darmonlar va xayriya mablag‘larini yetkazishda faol mehnat qildilar. Eng qiyin paytlarda ular xalq xizmatiga shay turdi. O‘sha paytda volontyorlar guruhlari paydo bo‘lib, «Xavfsiz yordam», «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati, «Sardoba sari saxovat karvoni» kabi xayriya aksiyalarida faol ishtirok etishdi. Bu esa O‘zbekistonda volontyorlik harakati o‘zining muhim bosqichiga ko‘tarilganini ko‘rsatdi. 

Xususan, 870 nafar volontyor “Call-markaz”larda aholi murojaatlarini qabul qilishga, 7 ming 500 nafardan ortiq yoshlar xayriya mahsulotlarini qabul qilib olish va murojaat sonidan kelib chiqib qadoqlashga, 2 ming 200 nafardan ortiq yoshlar 500 ga yaqin biriktirilgan avtomashinalarda mahsulotlar to‘plamini markazlarga murojaat qilgan xonadonlarga yetkazib berishga ko‘maklashdi. 

Bundan tashqari, Buxoro viloyati Olot va Qorako‘l tumanlarida yuz bergan tabiiy ofat, Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori toshqinidan talafot ko‘rgan aholiga ko‘mak ko‘rsatishda ham 1 000 nafarga yaqin volontyorlar faol ishtirok etdi. 

Davlatimiz rahbari tomonidan volontyorlarning ezgu harakatlari yuqori baholanib, 400 nafarga yaqin volontyor “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

– Volontyorlar davlatga ko‘makchimi? 

– Jamiyatda turli kutilmagan masalalar ro‘y berishi tabiiy hol. Biroq afsuski, davlat har bir holatga individual yondasha olmasligi mumkin. Shu bois, volontyorlar shu kabi holatlarda davlat uchun yaqin ko‘makchiga aylana oladi. Buning uchun volontyorlar uchun tegishli sharoit yaratish, ta’bir joiz bo‘lsa, boshini biriktirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. 

– Bu qanday amalga oshiriladi? 

– Volontyorlar uchun turli loyihalar tashkil qilinmoqda. Vazirlar Mahkamasining “Volontyorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2022 yil 11 apreldagi qarori bilan Yoshlar ishlari agentligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha har bir hududdagi 5 ta eng yaxshi volontyorlik loyihalarini amalga oshirish uchun volontyorlik guruhlari va volontyorlik tashkilotlariga har bir loyiha uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha miqdorda mablag‘ ajratilmoqda. 2023 yilning iyun oyida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan volontyorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tanlov e’lon qilindi. Unga ekologiya, ta’lim, tibbiyot, media, turizm yo‘nalishlari bo‘yicha 218 ta loyiha kelib tushdi.

2020 yilda O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi tashkil qilingan. Hozirda jami 61 ming nafar yoshni qamrab olgan 99 ta volontyorlik guruhi faoliyat ko‘rsatyapti. 

Misol uchun, Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila oqibatida Turkiya Respublikasiga gumanitar yordam yig‘ish va uni jo‘natishni tashkil qilish maqsadida Yangihayot tumanidagi “Toshkent INDEX” savdo majmuasida tashkil etilgan markazga 313 nafar volontyorlar jalb etildi. Tadbir boshidan aholidan 10 turdagi jami 416,6 tonna mahsulot qabul qilib olindi va Turkiyaga jo‘natilishiga ko‘maklashildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2022-2023 yillar davomida 38 mingdan ziyod volontyor yoshlar tomonidan 200 mingga yaqin daraxt ko‘chatlari ekildi. 

Yoshlar markazlarida tashkil etilgan “Volontyorlar maktabi”da 10,2 ming nafar yosh volontyor o‘qitildi. Ushbu volontyorlar tomonidan 50 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan va kam ta’minlangan hamda yolg‘iz qariyalari mavjud oilalarga ijtimoiy loyihalar orqali ko‘maklashildi. 

Har qanday harakat va tashabbuslarni rivojlantirish uchun uning qonuniy asoslari yaratilishi kerak. Shu bois 2019 yil 2 dekabrda “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan edi. 2023 yil 18 avgustda ushbu qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, sohadagi vakolatli davlat organi etib — Yoshlar ishlari agentligi belgilandi.

Agentlik sohada davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi. Ushbu vakolatlar volontyorlikni rivojlantirish, imkoniyatlarni kengaytirish, volontyorlarni rag‘batlantirish, turli masalalar bo‘yicha loyihalar ishlab chiqib, amalga oshirishga xizmat qiladi.

Volontyorlik jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ularini kuchaytiradi, yoshlarni xayrli maqsadlar yo‘lida birlashtiradi, yordamga muhtoj insonlar uchun ko‘mak bo‘ladi. Yoshlarda ijtimoiy vazifalarni hal etishda jamiyatga ko‘maklashish, vatanparvarlik tuyg‘usini tarbiyalash va qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shadi.

Shuningdek, volontyorlik harakati jamiyatda faol fuqarolar avlodini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, yoshlar bir-biridan o‘rganadi, bir-biriga ergashadi. Volontyorlar o‘z izidan yuzlab, balki minglab yoshlarni ergashtira olishi mumkin. Shuning uchun ham tashabbuskor volontyor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va qadrlash lozim.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA