Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Volontyorlar forumi” doirasida o‘tkazilgan aksiyalarda yoshlar faol ishtirok etdi
16:07 / 2020-12-09

O‘zbekiston Yoshlar agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi va Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan “Biz – birgamiz” shiori ostida “Volontyorlar forumi” tashkil etildi.

Forum doirasida ko‘ngillilar ishtirokida “Men donorman”, yoshlar ishtirokida sportning shaxmat, shashka, futbol turlari bo‘yicha “VOLUNTER CUP” sport musobaqasi, Navoiy shahri va Karmana tumanidagi maktab internati hamda uyda ta’lim oluvchi o‘quvchilar ishtirokida “Biz bir safdamiz”, qarovsiz va yolg‘iz keksalar xolidan xabar olish, ularning uy ishlariga yordamlashish va ularni birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida “Mehribon qalblar”, “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari ishtirokida “Biz birgamiz” loyihalari, yurak xastaligiga chalingan bolalarni davolatishga qaratilgan “Mehribon yurak - 3” xayriya aksiyasi, yoshlar tashkilotidan rahbarlik lavozimiga ko‘tarilgan insonlar ishtirokida “Volontyorlikdan muvafaqqiyat sari” mavzusida uchrashuvlar o‘tkazildi.

Ma’lumki, volontyorlar ko‘ngilli tarzda insonlar va jamiyat uchun manfaatli bo‘lgan, faoliyatida aniq maqsadga ega bo‘lgan guruhlar hisoblanadi.
Yurtimizda ham ushbu ijtimoiy harakatning turli ko‘rinishlari mavjud bo‘lib, uning qonuniy asoslari belgilangan. 2019 yil 2 dekabrda “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan bo‘lib, unga muvofiq, volontyorlik faoliyati – jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bepul asosda amalga oshiriladigan, jamoat uchun foydali bo‘lgan ixtiyoriy faoliyatdir.

– Kam ta’minlanganlarni, ishsizlarni, ko‘p bolalilarni va boshqa shu kabi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yordam ko‘rsatish volontyorlik faoliyatini amalga oshirish yo‘nalishlaridan biridir, – deydi forum koordinatori Laziz Qayumov. – “Mehribon qalblar” loyihasi doirasida 20 nafar qarovsiz va yolg‘iz qolgan keksalar holidan xabar olinib, ushbu jarayonlarda 75 nafar ko‘ngilli yoshlar va 20 nafar shifokor va hamshiralar ishtirok etdi. 

Forum doirasida “Men donorman” shiori ostida qon topshirish aksiyasi tashkil etilib, unda 50 nafardan ziyod turli soha vakillari va ko‘ngillilar ishtirok etishdi. 


“Biz – birgamiz” shiori ostida o‘tkazilgan ikkinchi “Volontyorlar forumi” yakunida faol ishtirok etgan, musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo’lgan volontyorlar taqdirlandi. Shuningdek, Navoiy davlat pedagogika instituti talabalari Muhammadali Xolmurodov “Yilning eng yaxshi volontyori”, Akmal Zokirov “Yilning eng yaxshi tashabbuskori”, Navoiy davlat konchilik instituti yoshlar yetakchisi Firuz Pirnazarov “Yilning eng yaxshi loyiha muallifi” kabi nominatsiyalarga loyiq ko‘rildi.

 


       Abduvali BO‘RIEV, O‘zA