Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Volontyorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
15:43 / 2026-03-04

Sirdaryo viloyatida Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Azizbek Ikramov mahallalarda tashkil etilgan yoshlardan iborat “Favqulodda vaziyatlar volontyorlari” bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.

Muloqot jarayonida vazir yoshlarning fikr va takliflarini diqqat bilan tingladi. Shuningdek, mahalla, volontyorlik guruhlari va davlat inspektorlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu hamkorlik mahallalarni favqulodda vaziyatlardan himoya qiladigan xavfsiz va barqaror hududga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Biz birgamiz!” harakati doirasida volontyorlarning faolligi va mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlashda ularning ko‘magi alohida ta’kidlandi. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishda faollik ko‘rsatgan, natijasi bilan boshqalarga namuna bo‘lgan yosh volontyorlarga beriladigan imtiyozlar haqida ham ma’lumot berildi. Bu tashabbus yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularda mas’uliyat hissini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, vazir mahallalarda tashkil etilgan «Mahalla muhofazasi» xonalarini ko‘zdan kechirdi va profilaktik tadbirlar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbarlari va mas’ullarga profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish, natijadorligini oshirish va aholining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Yoshlar faolligi va ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, mahallalarda xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish hamda aholining turmush darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan fikr-mulohazalar  o‘rtaga tashlandi. Vazir yoshlar va mahalla faollariga ularning faoliyati ahamiyatli ekanligini ta’kidlab,  kelgusida ham faol bo‘lib qolishlariga umid bildirdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri