Voleybolchilarimiz yirik hisobda g‘alaba qozondi
Toshkentda voleybol bo‘yicha 16 yosh toifasidagi Osiyo chempionati qizg‘in pallaga kirdi. Chempionatning yigitlar o‘rtasidagi musobaqalarida bugun 24 iyul kuni pley-off bosqichi ishtirokchilari aniqlanadi.
Terma jamoamiz guruh bosqichidagi ilk uchrashuvni Gonkong jamoasiga qarshi o‘tkazib, 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Xabaringiz bor, voleybolchilarimiz ishtirok etayotgan “A” guruhida 3 ta jamoa o‘rin olgan bo‘lib, terma jamoamizning navbatdagi o‘yini guruh peshqadamligi uchun qozog‘istonlik tengqurlariga qarshi o‘tadi.
Bugun bo‘lib o‘tadigan mazkur bahslar “Yunusobod sport majmuasi” hamda “Universal” arenalarida o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA muxbiri