Samarqandda voleybol bo‘yicha qizlar o‘rtasida U-15 “Samarqand Open – 2026” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston voleybol federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada mamlakatimiz hududlaridan kelgan voleybolchi qizlar bilan birga Tojikiston va Qozog‘iston terma jamoalari ham ishtirok etdi.

Qizg‘in va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, Samarqand viloyatining Nurobod tumani qizlari jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Keyingi sovrinli o‘rinlar ushbu viloyatning yana bir tumani – toyloqlik qizlar va qo‘shni Qozog‘iston jamoalariga nasib etdi.

G‘olib va sovrindor jamoalar musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Qayd etilishicha, mazkur xalqaro turnir yosh voleybolchilarning o‘zaro tajriba almashishi uchun imkoniyat yaratib, nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.
G‘.Hasanov, O‘zA