French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Voleybol: O‘zbekiston kubogida iqtidorlilar saralanadi
12:52 / 2022-08-22

Qarshi shahrida voleybol bo‘yicha 2006-2007 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bahslari boshlandi.

Mamlakatimizning barcha hududlaridan jamoalar ishtirok etayotgan kubok musobaqasida jamoalar uchtadan guruhga bo‘lingan holda bahslarga kirishdi. 

Qur’a natijalariga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqaning “A” guruhidan Farg‘ona va Jizzax viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, “B” guruhidan Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Namangan viloyatlari, “C” guruhidan Andijon, Xorazm, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahri jamoasi joy oldi. 

O‘zbekiston kubogining qizlar o‘rtasidagi musobaqalarida “A” guruhda Xorazm, Jizzax, Samarqand viloyatlari, ”B” guruhda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Andijon va Namangan viloyati jamoalari, “C” guruhda Farg‘ona, Buxoro, Sirdaryo hamda Qashqadaryo viloyati jamoalari g‘oliblik uchun kurashishi belgilandi. 

Kecha 1-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi – Jizzax viloyati-3:0, Surxondaryo – Sirdaryo -3:1, Andijon viloyati – Toshkent shahri-2:3, Xorazm – Buxoro-3:1 natijalari qayd etilgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasidagi musobaqalar Jizzax–Samarqand-3:0, Qoraqalpog‘iston Respublikasi – Toshkent shahri- 3:0, Andijon – Namangan-3:0, Buxoro– Sirdaryo-3:1 va Farg‘ona– Qashqadaryo-3:0 hisoblarida yakunlandi. 

O‘zbekiston kubogi musobaqalari 26 avgustga qadar davom etadi. 

O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Husan Nasrullayevning bildirishicha, mazkur musobaqada bir qator iqtidorli sportchilar ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Ular joriy yilning sentyabr oyida bo‘ladigan O‘zbekiston chempionatida ham yana bir bor nazoratdan o‘tkaziladi. Har ikkala musobaqalar sarhisobiga binoan o‘g‘il bolalar va qizlar bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining asosi shakllantiriladi. 

Aynan mazkur musobaqalarda saralangan iqtidorli voleybolchilardan tashkil topgan terma jamoalarimiz kelgusi yili bo‘ladigan Osiyo chempionatida yurtimiz sharafini himoya qiladi. 

T.Ro‘ziyev,  O‘zA