Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Voleybol: Jahon chempionatida qatnashadigan jamoalar Toshkentda
11:34 / 2025-07-22

Shu kunlarda mamlakatimizda joriy yilning 24 iyul-3 avgust kunlari voleybol bo‘yicha 19 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar milliy terma jamoalari ishtirokida o‘tishi kutilayotgan jahon chempionatiga qizg‘in hozirlik ishlari davom etmoqda.

Kuni kecha jahon chempionati oldidan musobaqalarni boshqarib borishda ishtirok etadigan hakamlar uchun seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi.

To‘rt kun davom etgan seminarda Xalqaro voleybol federatsiyasi instruktorlari Mushtaquye Muhammad va Yordan Jechev chempionatda faoliyat ko‘rsatadigan hakamlar uchun yangi joriy etilgan zamonaviy statistik tizim (Volleystation) dasturi bilan yaqindan tanishtirildi.

Shuningdek, seminar doirasida Xalqaro voleybol federatsiyasi vakillari musobaqalar o‘tkaziladigan sport majmualari, voleybol zallarining umumiy holati bilan tanishib chiqdi.

Jahon chempionatida 24 ta davlatning U19 milliy terma jamoalari 4 ta guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Chempionatda jamoalar har bir o‘rin uchun bellashadi.

Bugungacha mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etish uchun Yaponiya, Eron, Italiya, Kanada, Argentina, Kolumbiya, Finlyandiya kabi bir qator davlatlarning sport delegatsiyalari Toshkentga yetib keldi.

Eslatib o‘tamiz, chempionatda vatanimiz sharafini himoya qilayotgan  O‘zbekiston terma jamoasi “A” guruhida Belgiya, Argentina, Puerto-Riko, Pokiston va Turkiya jamoalari bilan saralash o‘yinlarida maydonga tushadi.

O‘zbekiston U19 milliy terma jamoasi birinchi o‘yinni 24 iyul kuni Turkiya jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

To‘lqin Ro‘ziyev,

O‘zA