Chirchiq shahrida voleybol bo‘yicha 14 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston kubogi mahoratli yosh sportchilarni saralash, tanlash imkonini berdi.
Bir hafta davomida kechgan shiddatli bahslarda yosh iste’dod egalari maydonda g‘oliblik yo‘lida o‘z mahorat va irodalarini namoyon etishdi.
Murosasiz o‘yinlar natijasida o‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillari 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Navoiy va Andijon jamoalari keyingi pog‘onalardan joy egalladi.

Mamlakat chempionatining qizlar musobaqasida Namangan viloyati yosh voleybolchi qizlar jamoasiga teng keladigan raqib topilmadi. Vodiyliklar jamoasi barcha uchrashuvlarda muvaffaqiyatga erishib, 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar jamoasi orasida g‘oliblikni tantana qildi. Keyingi o‘rinlar Xorazm hamda Samarqand viloyati jamoalariga nasib etdi.

G‘olib va sovrindor jamoalarni taqdirlash marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Fayziyev yosh voleybolchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, sportchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Muloqot chog‘ida voleybol sportiga davlatimiz rahbari tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, yaqin yillarda har bir viloyatda voleybol maktablari va akademiyalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA