Voleybol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi va chempionati o‘tkazildi
Buxoro shahrida voleybol bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan respublika musobaqalari o‘z nihoyasiga yetdi. Xususan, qizlar o‘rtasida U20 yosh toifasidagi O‘zbekiston kubogi, o‘g‘il bolalar o‘rtasida esa U21 O‘zbekiston chempionati doirasida hal qiluvchi final uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Qizlar o‘rtasida U20 O‘zbekiston kubogi musobaqasining yakuniy natijalariga ko‘ra, Buxoro, Xorazm va Jizzax viloyati jamoasi shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, o‘g‘il bolalar orasida o‘tgan U21 yosh toifasidagi mamlakat chempionatida Buxoro viloyati jamoasi chempionga aylandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyati jamoalari esa kumush hamda bronza medalini qo‘lga kiritdi.


Marosim davomida g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar faxriy yorliq, kubok va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA