Voleybol: 21 nafar mutaxassis Toshkentda xalqaro darajadagi hakamlik maqomiga ega bo‘ldi
Poytaxtimizda bir hafta davomida voleybol mutaxassislari uchun o‘tkazilgan “Xalqaro darajadagi hakamlikka nomzodlar kursi” o‘z nihoyasiga yetdi.
Xalqaro va Osiyo voleybol federatsiyasining instruktorlari tomonidan tashkil etilgan o‘quv jarayonida mutaxassislar nazariy va amaliy bilim-ko‘nikmalar hamda zamonaviy hakamlik talablari bo‘yicha chuqur tayyorgarlikdan o‘tishdi.

Kurs yakunida Markaziy Osiyoning turli davlatlaridan qatnashgan 21 nafar voleybol mutaxassisi xalqaro darajadagi hakamlik maqomiga sazovor bo‘ldi. Ular orasida 3 nafar o‘zbekistonlik hakamlarning borligi e’tiborli voqelik sifatida e’tirof etildi.

O‘zbekiston voleybol federatsiyasi mutasaddilari qatnashgan tadbirda AVC instruktori va FIVB xalqaro hakami Muhammad Shahmiri mashg‘ulotlarning yuqori saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidlab, tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.
T, Ro‘ziyev, O‘zA