Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” va “Jar” sport sog‘lomlashtirish majmualarida erkaklar jamoalari o‘rtasida voleybol bo‘yicha 2026 yilning ilk yirik musobaqasi – O‘zbekiston chempionati Oliy liga, 1-tur bahslari bo‘lib o‘tmoqda.
Kecha 17 ta jamoa ishtirok etayotgan mamlakat chempionati 1-tur o‘yinlarining guruhlardagi dastlabki bahslari tashkil etildi.

– 5 ta turdan iborat o‘yinlarni boshqarib borish uchun 16 nafar malakali hakamlar ish olib bormoqda. Bu yilgi Oliy liga bahslarining ilk turining yana bir ahamiyatli jihati, musobaqaning tantanali ochilish marosimida Osiyo voleybol konfederatsiyasi (AVC) prezidenti Ramon Suzara ishtirok etish istagini bildirgan.

Musobaqalarni shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabi a’zolari kuzatib boradi. Maqsad, Vatanimiz sharafini xalqaro sport maydonlarida himoya qiladigan iqtidorli sportchilarni aniqlashdir, – deydi O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Farhod Alimov.

Bugun, 23 yanvar kuni “Jar” sport majmuasida “A” va “B” guruhlaridagi, “Olimpiya shaharchasida “S” va “D” guruhlaridagi ikkinchi kungi musobaqalar o‘tkaziladi.
Chempionatning tantanali ochilish marosimi ertaga, 24 yanvar kuni tashkil etiladi.
Oliy liga 1-tur o‘yinlari 29 yanvarga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA