Bugungi kunda ekologik muammolar sababli "yashil" iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, atmosferaga yillik tashlanayotgan karbonat angidrid chiqindilari miqdori 33 gigatonnadan ortiqni, issiqxona gazlari hajmi esa taxminan 42 milliard tonnani tashkil etadi.
Shu bois, olimlar, mutaxassislar tomonidan ekologik toza energiya manbalarini ishlab chiqish ustida bir qator ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar olib borilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan Ekologik partiya fraksiyasi hamkorligida O‘zbekiston energetika kompleksida vodorod ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish istiqbollari, iqtisodiyotni energiya resurslari bilan ishonchli ta’minlash va energiya samaradorligini oshirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda butun dunyoda muqobil energiya manbalari hamda yangi energiya tashuvchilarini topishga qaratilgan izlanish va tadqiqotlar jadallik bilan olib borilayotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda vodorodning yoqilg‘i sifatida foydalanish afzalliklariga to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, uning yonishi natijasida nafaqat “ekologik toza” suv bug‘i hosil bo‘ladi, balki organik yoqilg‘iga nisbatan u katta “energiya zaxirasiga” ega hisoblanadi. Yana bir muhim jihati, 1 tonna vodorod yoqilganda 3,5 tonna organik yoqilg‘i yoqilganda olinadigan issiqlik ajralib chiqadi.
Qayd etilganidek, bir guruh olimlar ishtirokida vodorod texnologiyasi tizimlari bilan uyg‘unlikda quyosh va shamol manbalaridan olinadigan elektr energiyasida ishlaydigan gibrid manbalarga asoslangan avtonom-texnik majmua ishlab chiqildi. Yig‘ilishda mazkur texnologik innovatsion loyihaning taqdimoti ham o‘tkazildi. Uning ahamiyati, imkoniyatlari hamda kelgusida ko‘zlanayotgan natijalari keng muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, gibrid energiya manbalari va vodorod tizimlari asosidagi avtonom-texnik kompleks bugungi ekologik muammolar xavf-xatari ortib borayotgan bir davrda alohida ahamiyatga ega hisoblanadi. Ya’ni, vodorod generatori orqali quyosh va shamol energiyasidan elektroliz yo‘li bilan vodorod yoqilg‘isi olinadi. Vodorod yoqilg‘isini uchuvchisiz uchish apparatlari — dronlarda foydalanish mumkin.
Vodorod bilan ishlaydigan dronlar orqali kelgusida qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida monitoring va nazorat ishlarida foydalanish mumkin. Masalan, yer unumdorligini tekshirish, zararkunandalar tarqalgan yoki kasallangan yerlarni aniqlash, hosildorlikni aniqlash, ekinlarni monitoring qilish imkoniyati yuzaga keladi. Olimlarimizning ushbu ixtirosi bugunga qadar Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlarida sinovdan o‘tkazildi.
Taqdimot davomida mazkur majmua yurtimiz energetika sohasi rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘lishi ta’kidlandi. Respublikada vodorod energetikasi sohasini rivojlantirish, energiya xavfsizligini mustahkamlash, loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Deputatlar energiya ishlab chiqarish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish uchun ushbu sohadagi ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etishni kengaytirish va jadallashtirish zarurligini qayd etdilar.
Yakunda yurtimizda vodorod energetikasi sohasini rivojlantirish, uning samaradorligi va bu boradagi loyihalarning ahamiyati haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish, tegishli loyihalarni amalga oshirishda davlat organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, olimlar o‘rtasidagi hamkorlik va aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/B3ewe4ugSAc" title="Vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion loyihaning taqdimoti o‘tkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Nishon Abduvoitov (video), O‘zA