Gullar shahri Namanganning dovrug‘i nafaqat O‘zbekiston, balki xorij davlatlarida ham mashhur. Ayniqsa, har yili o‘tkazilib kelinayotgan Gullar festivali uning dovrug‘ini yanada oshirmoqda. Bu shahar ko‘plab madaniy tadbirlar bilan birgalikda sport musobaqalari markaziga ham aylanib ulgurdi.
Shu kunlarda Namangan shahrida o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan (U-18) yoshlar va qizlar jamoalari o‘rtasida gandbol bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston chempionati ham qizg‘in o‘tmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi va Gandbol federatsiyasining 2025 yilgi sport musobaqalari taqvim rejasiga asosan Namangan Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida uyushtirilgan chempionatda mamlakatimizning eng sara jamoalari chempionlik uchun o‘zaro bahslashmoqda.

Yoshlar birinchiligida Andijon, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo, Namangan, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari sportchilari qatnashmoqda.
Qizlar birinchiligida Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Andijon, Xorazm, Namangan, Toshkent viloyatlari sportchi qizlari o‘zaro bahs olib borishyapti.


Qizlar birinchiligining dastlabki kungi natijalari quyidagicha bo‘ldi: Jizzax – Samarqand: 30:25, Sirdaryo – Farg‘ona: 23:11, Andijon – Xorazm: 34:27, Namangan – Toshkent v.: 27:5. Yoshlar birinchiligida esa quyidagi natijalar qayd etildi: Andijon – Samarqand: 24:17, Farg‘ona – Surxondaryo: 28:32, Namangan – Navoiy: 38:37, Jizzax – Sirdaryo: 18:10. Musobaqalar 9 aprelgacha davom etadi.
N.Rahmonova, O‘zA