Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vodiy jurnalistlari media rivojini qanday tasavvur etishadi?
07:29 / 2023-12-01

Namanganda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda uning viloyat bo‘limi hamkorligida uyushtirilgan “Media soha rivoji va jurnalist mas’uliyati” mavzusida mintaqaviy konferensiyada viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, Farg‘ona va Andijon viloyatlaridan kelgan jurnalistlar, Namangan davlat universitetining jurnalistika yo‘nalishi o‘qituvchi va talabalari qatnashdi.

Mintaqaviy konferensiyani ochgan Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari Botirxon Nuriddinov mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida media sohani rivojlantirish, matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash, jurnalist mas’uliyati, ommaviy axborot vositalari hamda ularda faoliyat olib borayotgan soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini  alohida ta’kidladi.

– Internet-jurnalistika rivojlanib, axborot oqimi ko‘payib borayotgan ayni kezda jurnalistlarning kasbiy malakasini va so‘zga mas’uliyatini oshirish muhim ahamiyatga ega, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi  vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov. – Konferensiyada ana shu mas’uliyat haqida, OAV xodimlari tomonidan tarqatilayotgan axborotning xolis-haqqoniyligi, adolatli bo‘lishi, til qoidalariga rioya qilinishi kabi qator dolzarb masalalar xususida so‘z yuritildi.

Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona  viloyati bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Andijon  viloyati  bo‘yicha sharhlovchisi Faxriddin Ubaydullayevlarning xorijiy davlatlardagi xizmat safarlari hamda ko‘p yillik tajribasidan kelib chiqqan holda, jurnalist mas’uliyati, Internet nashrlarida axborot tarqatishning o‘ziga xos jihatlari mavzularidagi ma’ruzalarini tingladi.

Shuningdek, mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar oldida turgan vazifalar, internet nashrlarining jamiyat hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati, tezkor axborot tarqatish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida fikr almashildi. Muloqot jarayonida bu borada fikr-mulohazalar, o‘rinli takliflarlar bildirildi.

– Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi  globallashuv davrida “Gazeta kerakmi?”, “Bosma nashrlar yashab qolishi zarur” kabi haqli savollar o‘rtaga tashlanmoqda. Yuz yildan oshiq tarixga ega bo‘lgan milliy matbuotimizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, gazetalarimiz bir asrdan oshiq vaqt davomida ma’rifatga, ta’lim-tarbiyaga, odamlarning tafakkurini oshirishga xizmat qilib kelmoqda. Demakki, gazetalar bugun kerak, ularni saqlab qolish shart,–- deydi Namangan viloyatining “Maktabgacha va maktab ta’limi tahlilchisi” gazetasi bosh muharriri Saidolim Abdurahmonov. – Buning samarali yo‘llaridan biri gazetalarimizning obuna narxlarini pasaytirishdir. Tabiiyki, bundan tahririyatlar iqtisodiy ziyon ko‘rishi tayin. Biroq bu ko‘rilgan zararni davlat tomonidan subsidiya mablag‘larini ajratish orqali qoplash  mumkin. Bunday tajriba dunyoning rivojlangan davlatlarida matbuot nashrlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ish uslublarida qo‘llangan. Ushbu xorijiy tajriba markaziy nashrlardan tortib, hududlardagi  mahalliy  gazetalarda tatbiq etilsa, ayni muddao bo‘lardi.

Konferensiyada, shuningdek O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zoligiga  qabul  qilingan bir guruh jurnalistlarga a’zolik guvohnomalari taqdim etildi. O‘zining yubiley yoshini nishonlagan ijodkorlar – yangiqo‘rg‘onlik faxriy jurnalist Qambarali Ibrohimov (70 yosh), O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Nosirjon Dehqonov (60 yosh), “Namanganskaya pravda”gazetasi bosh muharriri Odiljon  Inomov (60 yosh) hamda salkam  chorak asrdan buyon "Mingbuloq" gazetasiga bosh muharrirlik qilib kelayotgan “Shuhrat” medali sohibi  Qosimjon Akbarovga  O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining faxriy yorliq, esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Mintaqaviy anjuman ishtirokchilari Namangan muhandislik-qurilish institutida bo‘lib, mazkur oliy ta’lim dargohidagi o‘quv jarayonlari hamda yurtimizdagi sanoqli oliy o‘quv yurtlarida tashkil etilgan media markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur media markaz uchun uchta xona ajratilib, so‘nggi rusumdagi jihoz va uskunalar bilan ta’minlangan. Shinam ovoz yozish studiyasida ko‘rsatuv va dasturlar sifatli tarzda tayyorlanadi. E’tiborlisi, institut axborot  xizmati rahbariga rektorning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi berilib, u prorektor maqomiga tenglashtirilgan.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri