Tabiat mo‘’jizalaridan biri shubhasiz shifobaxsh o‘simlik – malina va qora smorodinadir. U inson salomatligi uchun qanchalar foydali bo‘lsa, uni yetishtirishda shunchalar injiqlik bor. Malina salqin havoda o‘sib unadi. Tuprog‘i toshliq bo‘lishi lozim. Zax, sersuvlikni suymaydi.
Farg‘ona tumanida, ayniqsa tog‘oldi Vodil va uning atrofida shunday tabiiy sharoit mavjud. Shu kunlarda bu yerdagi hovlilar, plantatsiyalarda hamma hosil terish bilan band.

Farg‘onaning Vodilida bir nechta bozorlar borki, ular hali quyosh ko‘tarilmasdan quyosh botgunga qadar hamisha gavjum bo‘ladi. Bu yerda xonadonlar, dehqon xo‘jaliklarida yetishtirilgan malina, smorodina hamda qora giloslar sotiladi.
Malinazorlari bo‘lgan klaster egalari esa o‘z mahsulotlarini maxsus omborlarda qayta ishlab, qadoqlab chet elga eksport qiladi.
Bozorlar joy tanlamaydi. Qayerdaki kaftdek soyali maydon bo‘lsa bo‘lgani. Malina ortgan yengil mashinalar kelaveradi. Bu yerda esa dehqonni bugun biz tadbirkor deb ataydigan “aka”lar kutib turadi. Savdolashishga hojat yo‘q. Har kungi narxni ular belgilab qo‘yadi. Dehqondan ulgurji sotib olingan malinalar vodiy shaharlari, Toshkent, Qarshi, hatto Termizgacha yo‘l oladi.

Dehqon esa mahsulotini osongina, bir zumda sotganiga xursand. Biz ularning biri Xolidaxon Tursunova bilan suhbatlashdik.
– Xolidaxon, bu malinalarni qayerda yetishtirasiz?
– Ularni uyimizda yetishtiramiz. Kelin bo‘lib tushganimga 35 yil bo‘ldi. Shundan buyon hovlida malina ekib, parvarishlab daromadini oilamizga ishlatamiz, – deydi Xolidaxon Tursunova. – O‘zim, turmush o‘rtog‘im nafaqadamiz. Lekin bekor o‘tirmay malina bilan shug‘ullanamiz.

Buni qarang, darhaqiqat Xolidaxon yetishtirgan malina bugun bozorning “oldi” mahsuloti edi. Donlari yirik, rangi tiniq, ta’mi mazali.
– Bir kilosini 15-20 ming so‘mdan sotyapmiz. O‘tgan yilga nisbatan hosildorlik bu yil yaxshi. Malinam katta-kattaligi uchun bir tadbirkor hammasini sotib oldi va mashinasiga yukladi. Toshkentga olib borar ekan sotgani. Malinaga asosan o‘zim qarayman. Oltita farzandim bor, to‘rtta qizimni uzatganman, uchta nabiram bor. Uni vaqtida parvarishlash, kesish, o‘g‘itlash, ostini chopish, yovvoyi o‘tlardan tozalash lozim, – deydi X.Tursunova.

Xolidaxon uning mahsuloti toshkentliklarga ham yetib borishidan mamnun. Aslida malina yetishtirish oson ish emas. Tog‘dan shabboda yurgan tong saharda har bir tupini ko‘zdan kechirish, mehr berishni talab qiladi. Uning injiqligi shundaki, quyosh nuri tig‘ini yoqtirmaydi. Shuning uchun mirishkor dehqonlar malinazor plantatsiyalari ustiga soyabon o‘rnatadi. Bu qo‘shimcha xarajat talab etadi. Ammo hosili, daromadi shunga yarasha bo‘ladi.

Sog‘lom bo‘lay desangiz Vodilga keling Xolidaxon kabi dehqon mirishkorlar yetishtirgan shifobaxsh mevalarni paykallarining o‘zidan terib yeng.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/7mIzUGHRcEk?si=1gbM-lflfRg6cXxW" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov,
Tasvirchi: Elyor Olimov.