Buxoro viloyati Vobkent tumani paxtakorlari viloyatda birinchi bo‘lib rejaviy shartnomani bajardi.
Joriy yil hududda jami 332 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 8 ming 750 gektardan ziyod maydonda sanoat uchun qimmatbaho xomashyo yetishtirildi. Muhimi, uning aksariyat qismi yuqori navlarga sotildi. Yetishtirilgan hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ishtirib olish uchun mavsum boshidan 196 ta terim otryadi shakllantirildi. Ular tarkibiga 10 mingdan oshiq ko‘ngilli terimchi hamda 9 ta yuqori unumli zamonaviy paxta terish mashinasi jalb etilib rejadagi 38701 tonna o‘rniga 38952 tonna paxta xomashyosi davlatga topshirildi.

Mirishkor dehqonlarning uzoq yillik faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi qo‘l kelib, bugun yuksak xirmon barpo qilindi. Bunda yaqin hamkor sifatida agroklaster bilan birgalikda “Rohkent”, “Ehson”, “Xayrobod”, “Pirmast”, “Kumushkent” kabi 15 ta hududda faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklari ulkan xirmonga katta ulush qo‘shdi.

Tahlillarga qaraganda, hudud dalalaridan qabul maskanlariga har kuni o‘rtacha 1 ming 300 tonna atrofida “oq oltin” yetkazib berildi. Terimchilarga hozirga qadar “Agrobank” tuman filiali tomonidan 60 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ tarqatildi.

Bugungacha fermer xo‘jaliklarining 85 foizi marraga yetib kelgan bo‘lsa, ularning aksariyati birinchi terimdayoq zimmalaridagi majburiyatni bajardilar. Vobkentda reja bajarilgan bo‘lsa-da, dalalarda hosil hali ko‘p. Ayni kunda tuman paxtakorlari faqat shartnomani bajarish bilan cheklanib qolmay, daladagi hosilni so‘nggi misqoligacha yig‘ib olishni maqsad qilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.