Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vobkentda bemorda murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi
16:33 / 2024-02-20

Yurak- qon tomir kasalliklari kabi saraton kasalligi ham inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Ekspertlar fikricha, so‘nggi yillarda yer yuzida kasallikning ushbu turi bilan kasallangan bemorlar soni oshgan. Shunga yarasha o‘lim ko‘rsatkichi ham.

Xatarli o‘simtalarning eng keng tarqalgan turi o‘pkada, ayollarda ko‘krak bezida, erkaklarda prostatada, undan keyin oshqozon va jigar, boshqa tana a’zolarida kuzatilmoqda. 

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy markazi Buxoro filiali shifokorlari bilan hamkorlikda Vobkent tumani tibbiyot birlashmasida ilk bor sut bezi saratoni bilan og‘rigan bemorda murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. 

Jarrohlik amaliyotini markazning Buxoro filiali mutaxassisi Sherali Do‘stov va Vobkent tuman onkologi Orif Temirovlar o‘tkazdi. 

– Tuman tibbiyot birlashmasining moddiy texnik bazasi yaxshilanganligi, mutaxassislar tajribasi oshayotgani, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanayotgani tuman aholisining uzog‘ini yaqin qilib, viloyat va respublikada bajariladigan murakkab jarrohlik amaliyotlarini tuman darajasida bajarish imkonini bermoqda, – deydi onkolog-shifokor Sherali Do‘stov. – Shu o‘rinda kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olish oson, degan gapni yana bir bor eslatmoqchimiz. Xasta bo‘lmasdan turib har bir inson onkolog-shifokorga profilaktika uchun hech bo‘lmaganda 1-2 yilda bir marta uchrasa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Tumanda ham bu turdagi kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolash imkoni mavjud. Agar vaqtida shifokorga murojaat qilinsa, inson salomatligi bilan bog‘liq ko‘pgina noxush holatlarning oldi olinadi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri