Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vladivostokda tantanali g‘alabalar
14:58 / 2022-08-01

Uzoq Sharqda davom etayotgan «Osiyo bolalari» o‘yinlarining bugun, 1 avgust kungi musobaqalari yakuniga ko‘ra, erkin kurashchi qizlarimiz umumjamoada 1-o‘rinni, basketbolchi qizlarimiz chempionlikni tantana qildi

«Osiyo bolalari – kelajak quvvati» shiori ostida o‘tayotgan "Vladivostok-2022" o‘yinlarining bugun, 1 avgust kungi musobaqalarining to‘rtinchi kungi shiddatli bellashuvlari O‘zbekiston sportchilarining shijoatini namoyon qildi.

Hamyurtlarimiz bugunning o‘zida yengil atletika musobaqalarida 1 ta oltin, 3 ta bronza, kurashchi qizlarimiz 3 ta oltin, 2 ta kumush, 1 ta bronza, basketbolchi qizlarimiz oltin medallarga ega chiqqan holda mamlakatimiz sporti shuhratini ulug‘ladi.

Bu jahon sport maydoniga Yangi O‘zbekistonning navqiron va olovqalb yoshlari kirib kelayotganligini yana bir karra namoyon qildi.

Bevosita musobaqalar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, yengil atletikachimiz Rustam Abdullayev bugungi va kechagi oltin medallari bilan «Osiyo bolalari» o‘yinlarining o‘ziga xos rekordchisiga aylandi. Erkin kurashchi qizlarimizning 7 tasidan 6 tasi shohsupadan joy olishi, iste’dodli kichik raketkachimiz Shohrux Iskandarov stol tennisi musobaqalarida 3 ta medalni qo‘lga kiritishi O‘zbekiston yoshlarining g‘oliblik shiddati Vladivostokda tantana qilayotganligidandir.

Ayniqsa, basketbol 3x3 musobaqalarida yurtimizning barchinoy qizlari haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdi. Umida Usmonova, O‘g‘iloy Ibrohimjonova, Ruxshona Hasanboyeva, Dilnoza Mambetnazarovadan iborat jamoamiz avvaliga saralash musobaqalarini, yarim final bahslarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi.

Finalda esa Rossiya Federatsiyasining eng kuchli jamoalaridan biri hisoblangan Ural federal okrugi vakillarini yomg‘irli, lekin dim bo‘lgan noqulay ob-havo sharoitida 9-7 hisobida mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritganligi tarixiy voqealik bo‘ldi.

– Bu – O‘zbekiston basketbolining yorqin g‘alabasi bo‘ldi. Yaqin yillarda o‘yin sport turlarida yosh sportchilarimiz bunday yutuqqa erishmagandi. Albatta, muvaffaqiyat o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmaydi. Har bir yuksalishning ortida tinimsiz mashg‘ulot, izlanish yotadi. Eng avvalo, davlatimizning sportga berayotgan alohida e’tibori, qolaversa mutaxassis va murabbiylarning hajihatligi tufayli oltin medalga erishdik. Shu o‘rinda shifokorlarimizga alohida rahmat.

Chunki final o‘yini oldidan jamoamizning yetakchi sportchisi Umida Usmonovada jarohat bor edi. Shunday qaltis vaziyatda shifokorlarimiz Umidani oyoqqa qo‘ya oldi. Mazkur g‘alaba bizga avgust oyida Turkiyaning Konya shahrida o‘tadigan Islom birdamligi o‘yinlarida ruhiy quvvat bo‘lishi shubhasiz, – deydi terma jamoa bosh murabbiyi Ravshan G‘aniyev.

Ortda qolgan bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, «Osiyo bolalari» o‘yinlarida O‘zbekiston yoshlarining qo‘lga kiritgan umumiy medallar soni 41 tani tashkil etmoqda. Shundan 11 ta oltin, 12 ta kumush hamda 18 ta bronza medallari.

Ertaga, 2 avgust kuni yosh sportchilarimiz o‘yinlar dasturiga binoan erkin kurash, dzyudo, yengil atletika va o‘q otish sport turlarida medallar uchun kurash olib boradi. Shuningdek, bokschilarimiz saralash musobaqalariga kirishsa, mini-futbolchilarimiz bahslarni davom ettirishadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA