Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vladivostok sport maydonlarida O‘zbekiston bayrog‘i 110 marta ko‘tarilib, 41 marta madhiyamiz yangradi
11:24 / 2022-08-07

Kompleks sport musobaqalarida umumiy muvaffaqiyat son va sifatga bog‘liq. Vladivostokda poyoniga yetib borayotgan VII “Osiyo bolalari” o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 174 nafar sportchi-yoshlar bilan qatnashib, 41 ta oltin, 27 ta kumush hamda 42 ta bronza medallariga ega chiqdi.

Umumjamoa hisobida 21 ta jamoa orasida 2-o‘rin qo‘lga kiritildi.

Bu  - Yangi O‘zbekistonda salohiyati yuqori yangi sportchilar avlodi kamolga yetayotganligini ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, Vladivostok musobaqalari sport mutasaddilari, mutaxassislar uchun soha taraqqiyoti yo‘lida qilinishi kerak bo‘lgan bir qator vazifalarni ham kun tartibiga olib chiqdi.

Xo‘sh, o‘yinlardagi ko‘rsatkichlar yurtimiz sportchilari belgilangan rejani bajardi, deyishga izn beradimi? Qaysi sport turlarida biz yetakchilikka erishdigu, qay bir yo‘nalishlarda sustkashlikka yo‘l qo‘ydik? Mazkur o‘yinlar sport turlaridagi seleksiya ishlari qay darajada ekanligini anglatdimi? Uzoq Sharq sport maydonlarida qatnashgan o‘smir-sportchilarimiz orasida bo‘lg‘usi olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qila oladiganlarni ko‘rsata bildimi?

Savollar ko‘p. Ularning barchasiga bir so‘z bilan “Ha” yoki “Yo‘q”, deb qo‘yish ham mumkin. Ammo, o‘yinlarda vakillarimiz qatnashgan 17-18 ta sport turida har bir sportchimizni, jamoalarimiz erishgan natijalarni tahlil etgan tarzda yondashilsa, ko‘p narsa oydinlashadi.

Albatta, bu boradagi tahlil va takliflar tashxisini belgilashni Sportni rivojlantirish vazirligi, uning tegishli boshqarmalarida, oliy sport mahorati maktablarida, federatsiyalarda, milliy olimpiya qo‘mitasida shu masala bo‘yicha shug‘ullanayotgan mutaxassislar hukmiga qoldiramiz.

Ularning ishini yarimta qilish fikridan yiroq bo‘lgan holda, ochiq aytish kerak, boks, dzyudo, taekvondo, sport kurashlari, sambo vakilllari va basketbol 3x3, sohil voleybolidagi qizlarimiz, yengil atletikada uchta oltin medalga ega chiqqan Rustam Abdullayev hamda boshqa ayrim yo‘nalishlardagi iste’dodli vakillarimizning shiddatli bahslardagi jonfidoligi kelgusi jahon chempionatlarida, olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportining sha’ni uchun kurashadigan yangi avlod shakllanayotganligini ko‘rsatdi.

Bu borada mutaxassis-murabbiylar, federatsiya vakillarining xizmatlarini ham ta’kidlamoq lozim. Sport kurashlarida yosh murabbiylar Ismatilla Jabborov va Sanjar Mashrabov, taekvondoda Dadaxon G‘ofurov, dzyudoda Tohir Fayziyev, boksda Bekzod Xidirov, kurashda Olim Ravshanov, stol tennisida Saida Mahmudova, basketbol 3x3da Qahramon Ortiqov, sohil voleybolida Gulnoza Xo‘jakova kabi yosh va intiluvchan murabbiylar o‘yinlar davomida shogirdlarini g‘alaba sari yetaklay oldi.

Vladivostok sport maydonlarida 110 marta O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, 41 marta madhiyamiz yangrashida aynan ushbu mutaxassislarning alohida xizmatlari bo‘lganligini e’tirof etmoq lozim. Ba’zi jamoalar, taassufki, Vladivostokka “yarim soatlik o‘yinlar uchun” kelib ketayotganligi ham sir emas.

Yosh sportchilarimiz, jamoalarimiz shu ishtiroki bilan tajribasi, mahorati ortdi, xalqaro sport maydoni havosidan bahra oldi, deysizmi? Balki,  lekin... mahorat, tajriba kompleks musobaqalar orqali emas, o‘rtoqlik uchrashuvlari, xalqaro mashg‘ulotlar, alohida turnirlar orqali qo‘lga kiritilishini ham nazardan qochirmaslik kerak  Aytish joiz, “Osiyo bolalari” o‘yinlarida eng sermahsul qatnashgan sport turi vakillari aynan Bekzod Xidirov yetakchiligidagi yosh bokschilarimiz bo‘ldi. Ular 100 foizlik natijani qayd etdi. 18 nafar o‘smir sportchilar murakkab janglar, ruhiy bosimlar ostida o‘tgan bahslar yakunida 18 ta medal, ya’ni 8 ta oltin, 2 ta kumush, 8 ta bronzaga ega chiqdi.

Sir emas, Rossiya Federatsiyasi bugun dunyoda boks sport turi rivojlangan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Rus diyorida boks bo‘yicha har bir vaznda texnik-taktik iqtidori yuqori bo‘lgan 5-6 nafardan bokschi bor. O‘yinlardagi musobaqalarda yosh bokschilarimizning har bir jangi final darajasida o‘tdi. Yakunda barchasi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Bu  -  O‘zbekiston boks “fabrikasi” sermahsulligidan dalolat.

Endi o‘yinlar mobaynida ayrim sport turlarida qancha sportchi qatnashganligi va medallar salmog‘i xususida qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Vladivostok musobaqalarida sport kurashlari vakillari 21 nafar sportchi bilan qatnashib, 9 ta oltin, 5 ta kumush, 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Suzuvchilar 14 nafar sportchi bilan 1 ta kumush, 2 ta bronza, 24 nafar yengil atletikachilar 4 tadan oltin-kumush va 8 ta bronza, 17 nafar dzyudochi yoshlarlar 7 ta oltin, 3 tadan kumush-bronza, 8 nafar taekvondochi 3 ta oltin, 2 tadan kumush-bronza, 4 nafar stol tennischimiz 1 ta kumush, 2 ta bronza, 8 nafar baddiiy gimnastikchilar 2 ta kumush, 3 ta bronza, 9 nafar kurashchimiz 7 ta oltin, 1 tadan kumush-bronza.

Bu ruyxatni yana davom ettirish mumkin. Lekin mini-futbol, badminton, kamondan va miltiqdan o‘q otish vakillari zarur bo‘lgan yutuqlarga erisha olmaganligi medalllarimiz salmog‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi rost.

Shu tariqa aytib o‘tganimizdek, bugun 7 avgust kuni yakunlangan so‘nggi musobaqalar natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston sport delegatsiyasi “Osiyo bolalari”ning umumiy 273 ta medallar jamg‘armasining 110 tasini qo‘lga kiritdi. Umumjamoada 115 ta (44-36-35) medalga ega Sibir federal okrugidan keyin 2-o‘rinni egalladik.

“Osiyo bolalari” o‘yinlari davomida Turkmaniston 16 ta, Qozog‘iston 15 ta, Qirg‘iziston 7 ta, Armaniston va Eron 4 tadan, Hindiston 3 ta medallar jamg‘armasiga sazovor bo‘ldi.

Bugun, 7 avgust kuni kechki payti VII “Osiyo bolalari” o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi tashkil etiladi. 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA