Bugun – 1 avgust kuni Vladivostokda davom etayotgan «Osiyo bolalari» o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan yengil atletika musobaqalarining dastlabki bahslari bo‘lib o‘tdi.
Quvonarlisi, kunning birinchi yarmidagi musobaqalar yosh atletlarimiz uchun omadli kechdi.
200 metrga yugurish musobaqasida ishtirok etgan Rustam Abdullayev 23:36 natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, yengil atletikachilarimizdan Maftuna Ahmedova, Asadbek Halimjonov, Amir Eshonxo‘jayev o‘z yo‘nalishida bronza medallariga musharraf bo‘ldi.
– Ko‘pchilik yoshlarimiz uchun ushbu o‘yinlar katta sportdagi ilk xalqaro musobaqa bo‘lganligi uchun qattiq hayajonga berilish holatlari kuzatilmoqda. Bunday vaziyatlarda ularni qo‘llab-quvvatlab, ruhiy dalda bermoqdamiz. Maqsad, ularda o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirish, – deydi Yengil atletika bo‘yicha oliy sport mahorati maktabi direktor o‘rinbosari Erkin Qutiboyev.
Eslatib o‘tamiz, o‘yinlar dasturidagi yengil atletika musobaqalari 2 avgustgacha davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA