Yosh taekvondochilarimiz “Osiyo bolalari” o‘yinlarini umumjamoa hisobida birinchi o‘rin bilan yakunlashdi.
“Osiyo bolalari” o‘yinlarining to‘rtinchi kuni ham ortda qoldi. Uch kunlik musobaqalar sarhisobi bizga nima berdi? Ko‘zlangan medallar qo‘lga kiritildimi? Sport turlaridagi bugungi ishtirokimiz qoniqarli bo‘ldimi?
Ochig‘i, 10 dan oshiq davlat, Rossiya Federatsiyasining 8 ta alohida hududiy jamoalari bilan bellashish natijasida zurur bo‘lgan medallar shodasini qo‘lga kiritish hamyurtlarimiz uchun oson kechmayotganligi har bir uchrashuvda, bellashuvda yanada yorqinroq ko‘rinib bormoqda.

31 iyul kungi bahslarda yurtimiz yunon-rum kurashi, yengil atletika, taekvondo, suzish, stol tennisi vakillari chin ma’noda jasorat ko‘rsatishdi. Yosh sportchilarimiz, ularning murabbiylari sovrinli o‘rinlar uchun jon-jahdi bilan bellashganligini qo‘lga kiritilgan 4 oltin, 7 kumush va 13 bronzaning salmog‘ida ham ko‘rish mumkin. Bu, Uzoq Sharqning quvonchi O‘zbekistonga yaqinligidan darak berayotgandek.
Yoshlarimiz Vladivostokda o‘tayotgan VII “Osiyo bolalari” o‘yinlarining ayrim bahslarida qisman nohaqlikka uchraganligi, rossiyalik hakamlarning ba’zi vaziyatlarda o‘z sportchilariga “yelka tashlashlari”ni nazarda tutsak, yurtimiz yoshlari bundan-da yuksak natijalarga munosib, deyishimizga barcha asoslarimiz yetarli.
G‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan kurashchimiz Husniddin Abdukarimov, yengil atletikachimiz Rustam Abdullayev, taekvondochimiz Yodgorbek Zxuraboyev, kumush medal egalari Amir Ishonxodjayev, Karina Karimova, Ruxshona Muhammadinova kabi iqtidorli farzandlarimiz o‘zbek sportining kelajakdagi yorqin vakillari bo‘lishiga shak-shubha yo‘q. Faqat, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlardan unumli foydalanilsa, murabbiylarimiz ilg‘or tajriba asosida mashg‘ulotlarda texnik-taktik usullarni qo‘llashda davom etsa, yutuqlar o‘z-o‘zidan yuz ochaveradi.

Medallar sarhisobiga ko‘ra, 20 tadan oshiq jamoalar orasida mamlakatimizning olovqalb sportchilari umumiy hisobda 30 dan oshiq medallar shodasiga ega bo‘lgan holda kuchli beshlikda bo‘lsa, davlatlar orasida Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rinni band etib turibdi.
Alohida sport turlari orasida yurtimiz taekvondochilari “Osiyo bolalari” o‘yinlarini birinchi o‘rinda, yunon-rum kurashchilari ikkinchi o‘rinda yakunlashdi.
1 avgust kuni sportchilarimiz yengil atletika, stol tennisi va sport kurashlarida medallar uchun maydonga tushishsa, basketbolchi qizlarimiz yarim finalda, yosh futbolchilarimiz saralash musobaqalarida qatnashadi.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA