Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Vladivostok-2022": umumiy medallarimiz soni 90 tadan oshdi
13:30 / 2022-08-05

Bugun, 5 avgust kuni Vladivostokda davom etayotgan «Osiyo bolalari» o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan mas-restling musobaqalarida o‘zbekistonlik sportchilar matonat ko‘rsatishdi.

70 va 80 kilogramm vaznlarda ishtirok etgan yosh sportchilarimiz Kozimbek Arslonov hamda Stanislav Pak Uzoq Sharq o‘lkasiga bekorga kelmaganligini namoyish qilishdi. Saralashlardan muvaffaqiyatli o‘tgan Kozimbek Arslonov kumush, Stanislav Pak bronza medaliga ega chiqdi.

O‘yinlar dasturidan o‘rin olgan boks bahslari hamyurtlarimiz uchun haqiqiy imtihon maydoni bo‘ldi. Ular Vladivostok ringida qaysidir ma’noda jahon boksining yetakchilari bo‘lgan akalari sha’ni uchun ham jang olib borishdi.

Bugun qizlar o‘rtasida oltin medallar uchun janglar bo‘lib o‘tdi. Shiddatli musobaqalar yakuniga ko‘ra, 46 kilogrammda Jasmina Tohirova va 52 kg. vaznda Hilolaxon Mashrapova o‘yinlarning kumush medaliga ega chiqdi. 50 kg. og‘irlikda Zilola Yusupova hamda 54 kg.da Uzukjamol Yunusova raqiblarini mag‘lub etib, «Osiyo bolalari» o‘yinlarining oltin medallariga sazovor bo‘lishdi.

Yosh murabbiy Ilyos Qodirov yetakchiligidagi mas-restlingchilarimiz va bokschi qizlarimizning 3 ta oltin, 3 ta kumush hamda 1 ta bronzasi evaziga O‘zbekiston sport delegatsiyasi Vladivostokda poyoniga yetib borayotgan o‘yinlarda umumjamoadagi o‘rnini 90 tadan oshiq medallar jamlanmasi bilan yanada mustahkamlashga erishdi.

Ertaga, 6 avgust kuni «Osiyo bolalari» o‘yinlarining oxirgi musobaqalar kunida hamyurtlarimiz boks hamda milliy sport turimiz – kurash bo‘yicha sovrinli o‘rinlar uchun maydonga chiqadi. Shuningdek, mini-futbol o‘yinlarida hamyurtlarimiz 5-6-o‘rinlar uchun Primore vakillari bilan bahslashadi.

Bundan tashqari, badminton, kamondan va miltiqdan o‘q otish bo‘yicha so‘nggi musobaqalar o‘tkaziladi.



T. Ro‘ziyev, O‘zA