Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vladivostok-2022: Umid quyoshi so‘nggi pallada charaqlashiga ishongimiz keladi
19:09 / 2022-07-30

Osiyo bolalari sport o‘yinlarida qatnashayotgan sport delegatsiyamizning medallar jamg‘armasiga Daler Sufyanov suzish musobaqasida bronza medali bilan hissa qo‘shdi.

Boshlanganiga ikki kun bo‘lgan VII “Osiyo bolalari” sport o‘yinlarining 30 iyul kungi musobaqalari hamyurtlarimiz uchun kutilgan va kutilmagan natijalarni tuhfa etmoqda. 

Xabar berganimizdek, kecha suzish sport turida hamyurtimiz Asadbek Abdumalikov O‘zbekiston sport jamoasi hisobiga dastlabki kumush medalni taqdim etgandi. 
Bugun, 30 iyul kungi suzish musobaqalarida sportchilar 10 ta yo‘nalishdagi sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishdi. 

Vakillarimiz dasturdagi deyarli barcha yo‘nalishlarda qatnashmoqda. Ular orasida xalqaro musobaqada ilk bor qatnashayotganligini nazarda tutsak, bu, natijalarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunday bo‘lsa-da, iste’dodli sportchilarimiz 13 ta davlat hamda Rossiya Federatsiyasining 8 ta hududidan qatanashyotgan tengdoshlaridan hech bir jihatdan qolishmaslikka harakat qilishmoqda.100 metrga batterflyay usulda suzishda terma jamoamiz a’zosi Daler Sufyanov 56,67 natija bilan bronza medalini qo‘lga kirilganligi bunga yorqin dalildir.  

Musobaqalarni boshqarib borishda bevosita ishtirok etayotgan Xalqaro suzish federatsiyasi mutaxassisi Vadim Axmadiyev Osiyo bolalari o‘yinlarining mohiyati, unda suzish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasining ishtiroki xususida quyidagilarni gapirib berdi: 

- Albatta, Osiyo mintaqasida oldinlari bolalar o‘rtasida bunday miqyosdagi musobaqa yo‘q edi. Masalan, Yevropa qit’asida suzish bo‘yicha bolalar o‘rtasida, aynan 14-16 yoshlilar orasida ko‘plab musobaqalar, kompleks o‘yinlar o‘tkaziladi. Osiyo qit’asida ham shu tizimdagi  o‘yinlar tashkil etilishi yo‘lga qo‘yilganligi yosh bolalarning xalqaro tajribasi oshishiga xizmat qiladi. Bahslarda qatnashayotgan o‘zbekistonliklar haqida nima deyishim mumkin? So‘zsiz, mamlakatingiz yoshlari orasida katta iste’dodga ega bo‘lgan sportchilar ko‘p. Ularni shunday musobaqada qatnashishi uchun shart-sharoit yaratib berilganligi tahsinga loyiq. Bu, kelajakda katta g‘alabalarni qo‘lga kiritishga xizmat qiladi. 

Asosiysi, o‘zbekistonlik yoshlarda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq baland. Musobaqaning umumiy xolati bo‘yicha shuni aytishim mumkinki, Osiyo bolalari o‘yinlaridagi natijalar Xalqaro suzish federatsiyasining reyting ballarida qayd etiladi. Bu, ushbu yoshlar bosqichma-bosqich 2028 yilgi va undan keyingi Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlarida qatnashish uchun bugundan zamin hozirlay boshlaganligini bildiradi. 

Haqiqatan mutaxassis ta’kidlaganidek, yosh bolalarda bugundan shakllantirilayotgan xalqaro musobaqa ko‘nikmasi kelgusida o‘z so‘zini aytishi tabiiy. Lekin ortda qolgan musobaqa kunlarida yurtimiz yosh suzuvchilari 18 ta medallar jamlanmasidan faqat ikki donasiga ega chiqqanligi maqsadlarimiz niyatlarimizga bir oz mos kelmayotgandek. 

Nima bo‘lganda ham umid quyoshiimiz so‘nggi pallada charaqlashiga, Vladivostokdagi “Olimpiya” suv havzasida ertaga o‘tadigan bahslar yakuniga ko‘ra, Osiyo bolalari o‘yinlari uzra O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangarishiga ishongimiz keladi.  

Eslatib o‘tamiz, ertangi suzish musobaqalarida yana 14 ta medallar jamlanmasi o‘ynaladi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA.