Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Vladivostok-2022»: O‘zbekiston umumjamoada yetakchilikka erishdi
17:22 / 2022-08-06

Har bir kunning o‘z hikmati bor. O‘zbekistonning o‘smir-sportchilari, aniqrog‘i, bokschi va kurashchi yoshlari Vladivostokda «Osiyo bolalari o‘yinlarining to‘qqizinchi kunida 13 ta oltin, 2 ta kumush hamda 7 ta bronza medallari bilan jahon xalqlari o‘rtasida sovuq qurollar bilan emas, sport maydonlaridagi shiddatli bahslar orqali do‘stlashish, bahslashish lozimligini ta’kidlagandek bo‘ldi.

VII «Osiyo bolalari» xalqaro o‘yinlarida boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining yosh bo‘lsada, katta mahoratga ega murabbiylari Bekzod Xidirov, To‘lashboy Doniyorov va Azim Xudoyqulov yetakchiligidagi 13 nafar sportchimizning barchasi sovrindorlar safidan joy oldi. Vakillarimiz 8 ta oltin, 3 ta kumush va 7 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bu o‘yinlarda O‘zbekiston bokschilarining umum jamoada 1-o‘rinni egallashini ta’minladi.

Ayniqsa, bugun vakillarimiz ishtirokida o‘tgan 7 ta finalning oltitasida o‘smirlarimiz g‘alaba qozonganligi «O‘zbek yo‘lbarslari»ning izdoshlari jang uchun joy tanlamasligini yana bir karra namoyon qildi.

«Osiyo bolalari» o‘yinlari dasturidan milliy sportimiz kurashning o‘rin olganligi alohida ahamiyat kasb etganligini ta’kidlamoq lozim.

Musobaqalarning ochilish marosimida ishtirok etgan VII xalqaro sport o‘yinlari direksiyasi rahbari Elmir Valitov, «Osiyo bolalari» o‘yinlari bosh hakami, Olimpiya chempioni Tatyana Gorbunova kurashning jozibasi, yakka kurash sport turlaridan alohida ajralib turishi xususida so‘z yuritib, bellashuvlarda qatnashchilarga omad tiladi.

Tantanalar jarayonida O‘zbekiston kurash federatsiyasi bosh kotibi Alisher Eshonqulov «Osiyo bolalari» o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi mutasaddilariga kurash vatani vakillari nomidan esdalik sovg‘alari taqdim etdi.

Kurash musobaqalarida o‘yinlarda qatnashayotgan barcha davlatlar va jamoalardan ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tdi. Bu kurashga qiziqish xalqaro maydonda yuqoriligidan dalolat berishi bilan yurtimiz kurashchilari uchun «Osiyo bolalari» o‘yinlarida medallar uchun da’vogarlik avvaliga qiyinroq bo‘ladigandek tuyildi.

Ammo, Vladivostok kurash gilamidagi shiddatli bellashuvlarda o‘zbek kurashchilari mahorat va chapdastlik bobida boshqalardan kuchliroq ekanligini ko‘rsata bilishdi.

Bu, Olim Ravshanov bosh murabbiyligidagi o‘smirlarimiz qo‘lga kiritgan medallar salmog‘ida ham ayon bo‘ldi. Yakuniy sarhisobga ko‘ra, yosh kurashchilarimiz 7 ta oltin, 1 tadan kumush va bronzaga ega chiqishdi.

«Vladivostok-2022» o‘yinlarida kurash va bokschilarimiz qo‘lga kiritgan g‘alabalar salmog‘i tufayli O‘zbekiston sport delegatsiyasining umumiy medallar soni 109 ta, ya’ni 41 ta oltin, 28 ta kumush hamda 40 ta bronza medallarini tashkil etdi.

Bu «Osiyo bolalari» o‘yinlarida O‘zbekiston sport jamoasi 20 dan oshiq jamoalar orasida yetakchilikka erishdi, deganidir. Lekin ertaga, 7 avgust kuni badminton va mini-futbol o‘yinlarida asosiy raqibimiz bo‘lgan Sibir federal okrugi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kirita olmasa, VII «Osiyo bolalari» xalqaro o‘yinlarining jamoalar o‘rtasidagi g‘olibligi O‘zbekistonga nasib etishini ta’minlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Sibir federal okrugi bugungacha 40 ta oltin, 32 ta kumush, 31 ta bronza, jami 103 ta medallar jamlanmasi bilan 2-o‘rinni band etib turibdi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA.