Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Vladivostok-2022": O‘zbekiston sportchilari umumjamoada 2-o‘rinda...
14:39 / 2022-08-03

Uzoq Sharqning markaziy shahri bo‘lmish Vladivostokda davom etayotgan VII “Osiyo bolalari” xalqaro sport o‘yinlari dasturi uchun belgilangan 6 kungi musobaqalar yakunlandi.

Azamat sportchilarimiz o‘yinlarning oltinchi dovonidan muvaffaqiyatli o‘tishdi. Sambochilarimiz 9 ta, dzyudochilarimiz 4 ta, sohil voleybolidagi sportchilarimiz 1 ta sovrinli o‘rin bilan umumiy medallar jamg‘armasini yanada boyitdi.

O‘yinlarning yettinchi kungi bellashuvlarini O‘zbekiston sport delegatsiyasi 25 ta oltin, 18 ta kumush hamda 28 ta bronza, jami 71 ta medallar bilan qarshilaydigan bo‘lib turibdi.

E’tiborlisi, bugungi bahslar sarhisobiga ko‘ra, vatanimiz yosh sportchilari 12 ta davlat, Rossiya Federatsiyasining 8 ta alohida jamoasi orasidagi o‘rnini bir pag‘ona yaxshilab oldi. Kecha hamyurtlarimiz 3-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, 4 avgustni 2-o‘rin bilan qarshilamoqda.

Eslatib o‘tamiz, ertaga, 4 avgust kuni “Osiyo bolalari” sport o‘yinlari dasturiga binoan sportchi yoshlar badminton, kamondan otish, boks, mini-futbol yo‘nalishlaridagi saralash bahslarida qatnashsa, dzyudo, mast-restling, o‘q otish sport turlarida medallar uchun kurash olib borishadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA