O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi tadbirlarini keng ommaga yetkazishda nafaqat mahalliy jurnalistlar, balki xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillarining ham munosib hissasi bor.
Rossiyadagi “Yevromediya” xalqaro xolding rahbari Vladimir Denisov mamlakatimizdagi saylov jarayonlari haqida bir qator maqolalar yozdi va uning o‘quvchilari allaqon O‘zbekistondagi siyosiy voqeadan xabardor.
V.Denisovning ta’kidlashicha, Prezident sayloviga puxta taraddud ko‘rilgani bugungi ovoz berish tadbirlaridan yaqqol ko‘rinib turibdi.
– Bugun biz Toshkentdagi bir nechta saylov uchastkalarida bo‘ldik. U yerda fuqarolarning ovoz berishlarini kuzatdik. Saylov uchastkalari a’zolari va kuzatuvchilar faoliyati ham e’tiborimizdan chetda qolmadi. Hammasi joyida. Hech bir ortiqcha holatlarga ko‘zimiz tushmadi. Umuman olganda, har bir fuqaro o‘ziga munosib ko‘rgan nomzodlarga ovoz beryapti. Bu ularning siyosiy hayotdan xabardor ekanini anglatadi. Bunday yaxshi tayyorgarlik va saylov jarayonlari meni faol ishlashga da’vat etdi. Bir qator materiallar yozib, ularni saytimizga joyladik. Toshkentga bugun ertalab kelgandik. To‘g‘ri, bu qisqa muddat, lekin bu yerda katta o‘zgarishlarga ko‘zimiz tushdi. Chorshanba kunigacha yurtingizda bo‘lamiz va yangiliklar bilan batafsil tanishamiz. Tarixiy Samarqandni tomosha qilishga ham ulguramiz. Kelgusi rejalar bo‘yicha bir nechta tashkilotlar bilan uchrashish niyatimiz bor. Agar hammasi muvaffaqiyatli bo‘lsa, Toshkentda “Yevromediya” xalqaro xoldingning filialini ochmoqchimiz, – dedi V.Denisov.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA